Tark etmas taassurotlar
Fasllar bir-birini quvalab, oltin kuzning ikkinchi oyi ham eshik qoqdi. Garchi, uch oylik ta’til ortda qolgan bo‘lsa-da, uning tafti ayrim tengdoshlaringizni haligacha tark etmagan. Bir yoshga ulg‘aygan, ruhiyatida taloto‘p boshlangan 8-sinf o‘g‘il-qizlarining ta’til taassurotlarini siz bilan o‘rtoqlashgimiz keldi. Keling, ularning qalb hayqiriqlariga quloq tutaylik-a?
XORAZMGA SAYR
Men Toshkentda yashayman. Aslida Xorazm viloyatining Xiva shahrida tug‘ilganman. Ta’tilning birinchi oyini Xorazmda o‘tkazdim, Xivadagi Ichan qal’ani aylandim. Undagi tarixiy eksponatlar – qadimiy kitoblar, qo‘lyozmalar, sopol idishlarni tomosha qildim. Xivaga xorijdan ko‘plab turistlar kelishadi. Men ona shahrim – Xivani yaxshi ko‘raman, sizga ham bu tarixiy shaharni ziyorat qilishingizni maslahat beraman.
Ta’tilning ikkinchi oyini Toshkentda o‘tkazdim – 3 oylik rus tili kursiga bordim. 30 tacha diktant yozishni mashq qildim. Darsdan bo‘sh vaqtimda Frenk Bettjerning “Muvaffaqiyat sirlari”, Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Shoshqaloq”, O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari”, Mark Tvenning “Tom Soyer va uning sarguzashtlari” kabi asarlarini o‘qidim. Sizlarga ham shu kitoblarni o‘qishni tavsiya qilaman.
Bilasizmi, tug‘ilgan kunim avgust oyida. Har yili shu kunni oilaviy tog‘ yonbag‘rida o‘tkazishni odat qilganmiz. Bu safar Amirsoy tog‘iga bordik. Mazza qilib aylandik, dam oldik, toza havodan to‘yib-to‘yib nafas oldik.
Xullas, yozgi ta’tilim mazmunli, qiziqarli o‘tdi. Yangi o‘quv yilini a’lo baholar bilan boshladim.
Dilnura ALLABERGANOVA
***
TA’TIL TEZ O‘TDI
Yozgi ta’til men uchun ham mazmunli va taassurotlarga boy bo‘ldi. Yozda uydagilar bilan toqqa chiqdik, miriqib cho‘mildik. U yerning havosi juda ham toza ekan. Dadam Tohir Malikning “Odamiylik mulki” kitobidan ibratli hikoyalar o‘qib berdilar. Bir kuni “Tom Soyerning boshdan kechirganlari” kitobini o‘qib, so‘rida uxlab qolibman.
Tog‘dan qaytgach, rus tili kursiga qatnay boshladim. U yerda do‘stlar orttirdim, so‘z boyligim oshdi, rus tili grammatikasi bo‘yicha ancha bilimga ega bo‘ldim. Bundan tashqari muntazam suzish havzasiga bordim. Nazarimda, bu yilgi yozgi ta’til juda ham tez o‘tdi.
Mehroj IBODULLAYEV,
Toshkent shahri Uchtepa tumani 62-maktabning 8-sinf o‘quvchilari
***
MENING XO‘JAILMKONI QISHLOG‘IM
Har yili yozgi ta’tilni intizorlik bilan kutaman. Chunki shu paytda oyim, dadam bilan Qashqadaryoning Kitob tumaniga bobojonim va hoji buvijonimni ziyorat qilgani boramiz. Bilasizmi, bobom va buvim yashaydigan maskan – Xo‘jailmkoni degan qishloq bo‘lib, bu yerda ulkan chinor daraxti bor. 25 ta bola bir-birimizga qo‘lni qo‘lga berib, uning tanasini o‘rab olganimizda, daraxt quchog‘imizga sig‘gan edi. Chinorning ichi g‘ovak bo‘lib, unda chordona qurib o‘tirsa ham bo‘ladi. Bir zamonlar ota-bobolarimiz g‘ovak ichida kitobxonlik qilishgan ekan. So‘lim, salqin daraxtlarning soyasida yozning issig‘i ham bilinmaydi. Daraxt yonidan ko‘zimizni quvontirib, tip-tiniq chashma suvlari oqib o‘tadi.
Qishlog‘imizdagi tarixiy joylarga sayohat uchun xorijliklar tashrif buyurishadi. Yaxshisi, siz ham, albatta, keling, o‘zim sizga hamrohlik qilaman.
Ana shunday ajoyib yoz kunlarida ustozlarimni ham sog‘indim. Ilk bor alifboni o‘rgatgan ustozim Ochilova Dilso‘z, sinf rahbarimiz, kelajagimiz uchun tinmasdan harakat qilayotgan Dilsora Narziyeva kabi mehribon ustozlarimga atab she’r yozdim:
***
USTOZIM
Shirin so‘zli muloyim,
Bolam degan har doim.
Bilim bergan bizlarga
Jajji o‘g‘il-qizlarga.
Onamizdek mehribon,
Mehri go‘yoki ummon.
Ustoz – otadek ulug‘
Doim qilamiz qulluq.
Yo‘llarimni yoritib,
G‘am-anduhim aritib,
Rag‘bat hadya qildingiz,
Menga ishonch berdingiz.
Harakatim mardona,
Qadam tashlayman yona.
O‘gitingiz – bir dunyo
Unutmasman hech aslo.
Ustoz, men siz o‘ylagan,
Shoira qiz bo‘laman.
Vatanim bayrog‘ini
Ko‘klarga ko‘taraman.
Sizga yoqdimi? Hozircha havaskorman, lekin kichik yuragimda ulkan orzularim bor. Ko‘rishguncha!!!
Fazilat EGAMBERDIYEVA