Tik Tok nega yaratilgan?
Telefoningizda TikTok dasturi bor-a? Mobil qurilmalari mavjud bolalarning deyarli barchasi bu platformadan foydalanishi aniq. Chunki unda sizni zeriktirmaydigan musiqiy videoroliklar bor. O‘zingiz ham tarmoqda videolaringizni ulashib turasiz. Bu dasturda hattoki vaqtingiz qanday o‘tganini ham sezmay qolasiz. To‘g‘rimi? Keling, bu haqida siz bilishingiz zarur bo‘lgan ba’zi ma’lumotlarni aniqlab olamiz.
Bugun sizni juda qiziqtirgan dasturga aylangan TikTok 2018-yil Xitoyda yaratilgan;
TikTokka har oyda taxminan 707 million video joylashtiriladi;
Unda 1 milliarddan ortiq foydalanuvchi bor;
Foydalanuvchilarning 93 foizi o‘smirlar va yoshlar;
Ular kuniga o‘rtacha 1,5 soat vaqtini video yaratish yoki tomosha qilish uchun sarflashadi.
Ko‘plar “TikTok insonning ongi rivojlanishiga xalal beradi” deb hisoblashadi. Bu bejiz emas, chunki TikTokdagi 99% videolarda hech qanday ma’no mavjud emas. Dastur yaratuvchisi ko‘proq odamni bu platformaga yig‘ishni va shu orqali dunyodagi eng yetakchi tarmoqni yaratishni reja qilgan. Shu sabab videolar uchun ajratilgan vaqt qisqa, siz zerikishga ulgurmasingizdan video tugaydi va navbatdagisiga o‘tib ketaverasiz.
Tasavvur qiling, kuniga 1,5 soat davomida shu platformadan foydalansangiz, 1 oyda 45 soat, bir yilda 548 soat vaqtingizni, ya’ni 23 kuningizni TikTokka qo‘shqo‘llab “berib” qo‘yasiz.
Voyaga yetmagan foydalanuvchilarning ro‘yxatdan o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kompaniya yoshni tekshirish tizimini ishlab chiqqan. 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun jonli efir va shaxsiy xabar almashish kabi funksiyalardan foydalanish cheklangan. 2021-yilda Xitoy 14 yoshgacha bo‘lgan barcha foydalanuvchilarga TikTokdan kuniga 40 daqiqa foydalanish imkonini beruvchi yoshlar rejimini faollashtirdi. Hatto TikTokning bosh direktori “Men bolalarga TikTok o‘ynashga ruxsat bermayman” deya ta’kidlagan. U o‘zining 6 va 8 yoshli 2 farzandiga ham bu dasturdan foydalanishni taqiqlagan.
Biz qo‘lingizdagi telefoningizni olib qo‘ya olmaymiz, TikTokni ham o‘chirib tashlolmaymiz. Lekin turli videolarni tomosha qilish uchun vaqt sarflashning oqibati qanday bo‘lishi haqida sizni ogohlantira olamiz. TikTok videolarini tomosha qilish yoki kitob o‘qish, yangi tillarni o‘rganish, qiziqqan to‘garaklaringizga borish o‘z qo‘lingizda.
Unutmang, TikTok dasturini yaratgan inson ham vaqtini oldi-qochdi videolarni ko‘rishga emas, ilm olishga va rivojlanishga sarflagan.
Shahribonu RAHMATOVA