Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kamalakning kamoloti

Inson yaralibdiki, o‘zi yashayotgan jamiyat bilan hamohang umr kechiradi, uning bir bo‘lagi sifatida unga singib ketadi. Shunday ekan, shaxsiy hayotidan tashqari jamiyatdagi yangiliklar, muammolar va yutuqlar haqida bosh qotirish har bir insonning vazifasi. Ushbu vazifani a’lo darajada bajarganlarni esa ijtimoiy faol kishilar deymiz. Bugun talaba bo‘lishiga qaramay hayotda o‘z o‘rnini topayotgan, ko‘plab yutuqlarga erishayotgan ekolog.uz sayti jurnalisti, Qonunchilik palatasi qoshidagi yoshlar parlamenti a’zosi Davron Ergashev bilan ayni shu mavzuda suhbatlashdik.

 

– Sizni ijtimoiy faollik sari yetaklagan “Kamalak” bolalar tashkilotiga qanday kirib kelgansiz?

– Maktabga borishim bilan “Kamalak” bolalar tashkiloti haqida eshitib, qiziqib qoldim. Tadbirlarida qatnasha boshladim. To‘g‘risi, bu tashkilot haqida ilgari ham amakimning farzandlaridan eshitgandim (ular ham “Kamalak” faoli bo‘lgan). Vaqt o‘tgan sari tuman, viloyat, keyinchalik Respublika tanlovlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida ishtirok eta boshladim. Masalan, “Yangi avlod” bolalar ijodiyoti festivali, “Kamalak yulduzlari”, “Kamalak bilimdoni”, “Yil sardori”, “Yosh kitobxonlar” “Munozara”, “Eng namunali sardorlar kengashi” kabilarni sanashim mumkin. 2018-yilda Jizzax viloyati Yoshlar ittifoqining “Sport, salomatlik va ekologiya” yo‘nalishi sardori bo‘lgandim. Loyihalardan birida tajribali ekojurnalist Nargis Qosimovani uchratganman. Ekologik bilim va madaniyatim shakllanishida Nargis ustozimning hissasi katta. Ulardan o‘rganganlarimni bugun boshqalarga targ‘ib qilmoqdaman. Maqsadim – mamlakatimizda ekologik madaniyatning shakllanishiga o‘z hissamni qo‘shish. Maktab davrida gazeta-jurnallarda ham doimiy qatnashib turganman, she’rlar ham yozardim. “Filcha” nomli birinchi she’rim “Kamolot ko‘zgusi” gazetasida bosilgandi. Ayni shu gazetada chop etilgan  “Kamalak bekatlari” sarlavhali oromgoh taassurotlari keyingi yillarda yozilgan maqolalarimning biri edi. Ularni hali ham asrab kelaman.

– Ijtimoiy faollik, volontyorlik va o‘z iste’dodini namoyon etishda bolalar va yoshlar tashkilotlarining o‘rni beqiyos. Ushbu tashkilotlar bilan keyingi yillardagi munosabatingiz qanday bo‘lgan?

–   Umuman olganda meni “Kamalak” kamolga yetkazgan. Hozir ham  “Kamalak” bolalar tashkiloti, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Yoshlar ishlari agent­ligi, O‘zbekiston Volont­yor­lar assotsatsiyasi bilan ha­misha hamkorlikdaman. Bu esa ja­miyat hayotiga oid muhim mavzularda sergak bo‘lish, bilim olish, yangiliklardan boxabarlik va yaxshi do‘stlar orttirishimda yordam berib kelmoqda.

Yoshlar Ittifoqi tashkil etilgan kun –  30-iyunda Prezidentimiz farmoni bilan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti ta’sis etilgandi. O‘shanda bu mukofotni, albatta, men ham olaman, deb niyat qilgandim. Nomzod sifatida tanlovda qatnashdim,  Respublika bosqichiga chiqa oldim-u, mukofot nasib etmadi. Ammo, ko‘nglim cho‘kmadi, xafa bo‘lganim yo‘q. Demak, mendan-da munosiblar bor ekan. Qolaversa, hali yoshman, mukofotni bu yil bo‘lmasa, keyingi yil qo‘lga kiritaman. Yoshlar tashkilotlari  bilan esa hech qachon aloqalarim uzilmaydi. Mamlakatimizdagi har bir yosh shunday tashkilotlarga  birlashishi kerak, deb o‘ylayman. Fikrimcha, erkin fuqarolik jamiyati qurilishining poydevori jajji fuqarolarning mana shu tashkilotlar orqali o‘zlarini namoyon etishidir.

Tashkilotlar bolalikdan o‘rganilishi kerak bo‘lgan muhim sohalarga nisbatan mehr uyg‘otishi, targ‘ibotchilik, iste’dodli yoshlarni xalqaro maydonga olib chiqish, iqtidorini namoyon etishida ko‘maklashishi bilan qadrli. Bolalar, yoshlar qanchalik uyushqoq bo‘lsa, rivojlanish, fikrlar xilma-xilligi shunchalik yuqori darajaga chiqadi. Mamlakatimizda yoshlar uchun mavjud bo‘lgan va yaratib berilayotgan yangi sharoit, qulayliklardan boxabar bo‘lish, ulardan foydalanish uchun bu tashkilotlarga uyushish juda ahamiyatli.

–   Albatta, yoshlar tashkilotlarining mak­tablar, mahallalarda ishonchli vakillari, volon­tyorlari, sardorlari bor. Ular uyushmagan yosh­larni birdamlikka, hamjihatlikka chor­la­mog‘i, o‘z zimmasidagi vazifalarni vijdonan bajarib, faol va bilimli yoshlar safini ken­gay­tirmog‘i kerak. Siz ham shunday faol yosh­lar­dan biri sifatida “Gulxan” o‘quvchilariga qan­­day masla­hat­lar bergan bo‘l­ardingiz?

–   Avvalo, atrofdagilar bilan hamisha iliq muomalada bo‘lish kerak. Sizga kulib qaragan kishiga siz ham kulib qarashingiz olimlar tomonidan isbotlangan. Shunday ekan, hamisha ochiq chehrali, kamtar bo‘lish barchaga foyda keltiradi. Kibr, manmanlik odamni atrofdagilardan ajratib qo‘yadi, mu­nosabatlarni uzoqlashtiradi.

Hamisha yangilikka intiling. Kitob o‘qing, internet orqali chet tillarini o‘rganing, sport bilan shug‘ullaning. Qisqasi, sizning kamolotingizga xizmat qiladigan ishlarga ulguring. Yoshlikda bularning barchasiga vaqt topsa bo‘ladi.

Yana tabiatni, hayvonlar va o‘simliklarni seving. Biz ham shu tabiatning bir bo‘lagimiz. Tabiat bo‘lmasa, inson ham yasholmaydi. Archalarga burkangan tog‘lar, yam-yashil o‘rmonlar sahroga aylanishi, daryo-yu den­gizlar qurishi, hayvon turlarining yo‘qolib ketishidan yomoni yo‘q! Ularni asrash esa, bizning asosiy vazifamiz.

Eng muhimi, suhbatimizning asosiy mavzusi bo‘lgan yoshlar tashkilotlariga bir­lashing. Turli tanlovlar, volontyorlik ishlari, oromgoh tadbirlarida ishtirok eting. Sizga alo­qador har qanday yangiliklardan boxabar bo‘ling.

Muhammadali PO‘LATOV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.