Teatr to‘garagida
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi 265-maktabda “Kitob mening do‘stimsan” nomli teatrlashtirilgan adabiy kecha bo‘lib o‘tdi. Kechada ertak qahramonlari qiyofasida gavdalangan o‘quvchilar yaxshilik, ezgulikka undovchi badiiy asarlarni ko‘proq o‘qish kerak ekanligini sahna ko‘rinishlari orqali ko‘rsatib berishdi. Ayniqsa, maktabning “Boychechak” teatr to‘garagi a’zolari namoyish etgan “Bahoroyning sarguzashtlari” deb nomlangan kichik spektakl yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.
– O‘quvchilarimizni kitobga bo‘lgan mehri kundan kun ortib bormoqda. Teatr to‘garagi tashkil qilingach, kitobsevar o‘quvchilarimiz soni yana-da ko‘paydi. To‘garak rahbarlari Nargiza Qo‘chqorova hamda Saida Mo‘minovalar muammoli mavzularga oid teatrlashgan tomoshalar orqali o‘quvchilarni kitob o‘qishga undamoqda. Kichik aktyorlarimiz o‘zlariga topshirilgan rolni mahorat bilan ijro qilish uchun asar mazmun-mohiyati bilan to‘liq tanishishga harakat qilmoqda. Shuningdek, o‘quvchilarga mulohazali mavzularda ssenariy yozishsa, maktabning ichki tanlovlarida qatnashishini e’lon qildik. Tanlov davomida bu ssenariylar bilan batafsil tanishib, eng yaxshisini navbatdagi bayramlarda sahnalashtirilishni maqsad qilganmiz, – deydi maktab direktori Mashhura Mirzamuhammedova.
Tadbirda eng faol o‘quvchilarga maktab rahbariyati tomonidan kitoblar sovg‘a qilindi.