Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ochko‘zlik oqibati

Xabaringiz bor, 2019-yil O‘zbekistonda “Qozog‘iston yili” deb e’lon qilingan. “O‘zbekiston” NMIUda chop etilgan “Kenja qiz va ayiq” nomli kitob bu yilda siz uchun chiroyli tuhfa bo‘ldi.

Barcha ertaklarda bo‘lgani kabi qozoq xalq ertaklarida ham go‘zal insoniy fazilatlar: halollik, to‘g‘rilik, kamtarlik, jasorat madh etiladi.

Ushbu to‘plamdagi ertaklarni o‘qisangiz, qozoq xalqining o‘tmishdagi turmush tarzi, kasb-kori, tabiat hodisalariga munosabati, orzu-umidlari haqida bilib olasiz.

 

Qadim zamonda bir kambag‘al bor ekan. Bir kuni u boydan boltasini so‘rab olib, o‘tin chopishga boribdi.

Biroz o‘tin chopgandan so‘ng boltani boshi uchib ketib, yonidagi tegirmon toshini aylantirib turgan suvga borib tushibdi.

Kambag‘al tegirmonchi cholga kelib, boltamni olib ber, deb yalinibdi. Chol tegirmonini to‘xtatib, suvga qo‘lini solib, bir oltin boshli boltani olib chiqibdi.

– Mana, shumi boltang? – deb so‘rabdi.

Kambag‘al:

– Yo‘q, bu emas, – deb javob beribdi.

Chol suvga ikkinchi marta qo‘lini solib, kumush boltani olib chiqibdi:

– Boltang mana shumi? – deb yana so‘rabdi.

– Yo‘q, bu ham emas.

Tegirmonchi uchinchi marta qo‘lini suvga solganda, qora temir bolta ilinibdi.

Shundagina kambag‘al:

– Ha, mana bu mening boltam! – deya unga qo‘lini cho‘zayotganda, tegirmonchi chol uni to‘xtatib:

– Chirog‘im, dunyoparast emas, oq niyatli odil inson ekansan. Shu tufayli mendan mana bu boltani sovg‘a sifatida ol! Mana shu bolta qo‘lingda turganda, turmushing yaxshilanib, tez orada el qatoriga qo‘shilasan, – deb unga oltin boltani beribdi.

Kambag‘al bu boltani uyiga olib kelgan kunidan boshlab, faol mehnat qila boshlabdi. Oltin bolta sehrli ekan, kambag‘al o‘tinni ham mo‘l-ko‘l qilib yig‘ibdi. Shunday qilib, ishi o‘ngidan kelibdi. Uyiga baraka kiribdi.

Buni qo‘shni boy sezib qolibdi. Bir kuni u kambag‘aldan buning sirini so‘rabdi. Kambag‘al barcha bo‘lgan voqeani yashirmay aytib beribdi.

Endi o‘sha kambag‘alga berib turgan boltasini olib, boy ham o‘tinga ketibdi. U bir daraxtni kesar kesmasdanoq, sabri chidamay, boltasini tegirmon suviga uloqtiribdi va olib ber, deb tegirmonchi cholga kelibdi.

Chol suvdan oltin boshli boltani olib chiqibdi. Shu zahotiyoq boy:

– Mening boltam, mana bu mening boltam! – deb cholning qo‘lidagi boltaga tashlanibdi.

Ammo tegirmonchi chol uni to‘xtatibdi va:

– To‘xta, ko‘zi to‘ymagan yolg‘onchi! Mana sening boltang, – deb boyga o‘zining temir boshli boltasini olib beribdi.

Boy ochko‘zligidan cholning oldida izza bo‘libdi.

Qissadan hissa shuki, kimki mehnatsevar, sabr va qanoatli bo‘lsa, elning hurmatiga sazovar bo‘lar. Ochko‘zlik va xasislik kishini xorlik va balolarga giriftor qilar ekan.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.