Tenglar ichra teng boʻlmoq
Buyuk davlat barpo etish, tenglar ichra teng yashash – xalqimizning azaliy orzusi boʻlgan. Bu orzular soʻnmas qadriyatlar, eng avvalo, davlat ramzlarida oʻz ifodasini topadi. Ramzlar, timsollar nihoyatda qadrlidir. Bobolarimiz kerak boʻlsa uning uchun jon fido etishgacha borishgan.
Xorijdan kelgan mehmonlardan biri ibratli voqeani hikoya qilib bergandi. Vatanimiz BMTga aʼzo boʻlgach, nufuzli bu tashkilot binosi oldida turli mamlakat bayroqlari qatorida Oʻzbekiston bayrogʻi ham hilpiray boshladi. Bayroq koʻtarilishi marosimida Amerikada yashovchi oʻzbeklar yigʻilishibdi. Hamma bir-birini “Yurtimiz ozodligi muborak boʻlsin”, deya tabriklabdi. Bayroqqa qarab, koʻzlaridan shashqator yoshlar oqibdi. “Bu kunlarni koʻrsatganingga shukr”, deyishibdi.
Bayroq ana shunday tabarruk. Bayroq bu – or-nomus, bu – shon, bu – hayot demak. Mana, salkam oʻttiz yildan buyon, bayrogʻimiz boshimiz uzra hilpirab turibdi. Unga boqib, yuragida iftixor toʻlib-toshmagan, gʻururlanmagan, shukr qilmagan vatandoshimiz boʻlmasa kerak.
Bayrogʻimizning moviy rangi tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obi hayot ramzidir. Oq rangi esa muqaddas tinchlikni anglatib turadi. U kunlarimizning charogʻonligi va koinot yoritgichlari bilan uygʻunlashib ketgan. Oq rang pokiza orzularimiz timsoli hamdir. Yashil esa tabiatning yangilanish rangi, navqironlik, umid va fidoyilik ifodasidir. Qizil rang tomirlarimizda oqayotgan qonning belgisidir. Yarim oy – hilol mustaqilligimiz ifodasi boʻlsa, 12 yulduz yaxshilik, sadoqat, diyonat, matonat, mardlik, vafodorlik singari oʻlmas maʼnaviy qadriyatlarimizni anglatadi. Bayrogʻimizni rassom Anvar Mamajonov yaratganini ham aytib oʻtmoq joiz.
Vatan bayrogʻi! Undan ham muqaddas, undan ham aziz narsa bormikin dunyoda?!
U ona tuproq bagʻrida, ota-bobolarimizning ushalmay qolgan orzularidan, kelajagimizning nurafshon tongidan bunyod boʻlgan. Shuning uchun ham unga qaragan lahzada buyuk tariximiz, undan ham buyukroq kelajagimiz koʻz oʻngimda namoyon boʻladi. Uning orolanib boshimiz uzra yashnab turishi abadiy baxtimiz ekanligiga kim shak keltiradi?! Biz ham bayroq uchun bor mehrimizni, qalb qoʻrimizni bersak, yurtimiz uchun jon kuydirsak ayni muddao boʻladi. Chunki har tomchi manglay terimiz paxtamizni qanchalik oq qilsa, bayrogʻimizni ham shunchalar qudratli etadi.