Sogʻlom hayot sari
Mana sakkiz oydirki, Oʻzbekiston aholisining ham tinchini buzgan koronavirus pandemiyasi butun dunyoni larzaga soldi. Kasallikni oldini olish va uni haddan ziyod keng tarqalmasligi uchun hukumatimiz tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Atrofni koʻrib, kuzatib turibmiz, har kuni bir xabar eshitmoqdamiz. Bu kasallik qancha odamlarning dunyodan bevaqt koʻz yumishiga sabab boʻldi. U avvalo, yurak-qon tomir va nafas olish yoʻllari hamda semizlik kasalligiga chalingan fuqarolarimizning sogʻligʻiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Shu munosabat bilan yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi.
Unga koʻra, barcha fuqarolarimiz ommaviy sport bilan doimiy shugʻullanishi, toʻgʻri ovqatlanishi, sogʻlom turmush tarzini kundalik hayotga aylantirishi zarurdir. Ana shunda har bir fuqaroda Covid – 19 ga qarshi kuchli immun tizimi paydo boʻladi. Farmonga koʻra belgilangan asosiy yoʻnalishlardan ayrimlari bilan sizlarni ham tanishtirib oʻtmoqchimiz:
– Har bir oila, mahalla va tumanda bogʻcha, maktab va boshqa taʼlim maskanlarida, tashkilotlarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishga shart-sharoitlar yaratish;
– ommaviy sportni rivojlantirish boʻyicha oilalar, sinflar, mehnat jamoalari va hududlar oʻrtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda oʻtkazish;
– aholi oʻrtasida sogʻlom ovqatlanish madaniyatini keng targʻib qilish, tartibsiz va kechki uyqu oldidan ovqatlanish odatlaridan voz kechish;
– sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish;
– piyoda yurish, yugurish, mini futbol, velosport, badminton, stritbol sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda sportning ustuvor turlari etib belgilansin;
– ikki oy muddatda taʼlim muassasalarida darslar oraligʻida yoki katta tanaffus vaqtida “Sport daqiqasi” jismoniy mashqlari, darslar boshlanishidan oldin 2 daqiqa nafas olish mashqlari oʻtkazilishi amaliyotga joriy etilsin;
– 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarning yosh toifasiga qarab ularning jismoniy koʻrsatkichlarini baholash mezonlari ishlab chiqilib, reyting daftariga kiritilsin hamda har chorak natijalari aks ettirilsin;
– vazirliklar birgalikda umumtaʼlim maktablarida 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻquv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fanini barcha sinflarda haftada ikki soatdan oʻqitishni tashkil etsin;
– 2021-yil 1-martga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ortiqcha vaznga ega boʻlgan shaxslar uchun oʻrtacha kunlik ovqatlanish meʼyori va ratsioni hamda jismoniy mashqlar kompleksini ishlab chiqsin va uni aholi orasida doimiy targʻib qilib borsin;
– oʻquvchilar sogʻligʻi va jismoniy kamoloti doimiy ravishda eʼtiborga olinishini, ularning sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinishini, badantarbiya mashqlari oʻtkazishini va muntazam ravishda sport bilan shugʻullanishini, sogʻlom turmush tarzi targʻib qilinishini, ovqatlanish rejimi va sifatiga rioya etilishini;
– vazirliklar uch oy muddatda bolalarning jismoniy rivojlanishini baholash uchun raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimini ishlab chiqsin;
– vazirliklar hamda viloyat va Toshkent shahar hokimliklari 2025-yilga qadar maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim va sport muassasalarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;
Shuningdek, 2020-yil 3-noyabrda eʼlon qilingan Prezident Farmonida Oʻzbekistonda sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida yana oʻnlab chora va tadbirlar belgilandi.
Oʻz muxbirimiz