Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aqlning surati

Hikmat: Suv, Olov va Axloq – uchalasi doʻstlashib sayrga chiqishdi. Bir-birlaridan xavotirlanib Suvdan soʻrashdi:

– Agar yoʻqolib qolsang seni qayerdan topamiz?

– Qayerda sharillash ovozini eshitsangiz, men oʻsha yerda boʻlaman, – dedi Suv.

– Qayerda tutun koʻrsangiz, men oʻsha joyda boʻlaman, – dedi Olov.

Navbat Axloqqa kelganda, u bunday javob berdi:

– Meni yoʻqotsangiz, izlab yurmang. Hech qayerdan topa olmaysiz.

Bolajonlar, sizga bobo yoki buvingiz baʼzan, falonchi oʻrtogʻingni odob-axloqi juda yaxshi, baraka topsin yoki falonchi oʻrtogʻing odobsiz bola ekan. U bilan oʻynamay qoʻyaver, deb tayinlashadi.

Xoʻsh, bobo-buvingizni xavotirga solgan yoki yoʻqolib qolsa qayta topilmaydigan odob-axloq nima oʻzi? Nega odamlar bir-birlariga axloqiga qarab baho beradilar. Bugungi suhbatimiz ana shu sirli soʻz haqida.

“Axloq” soʻzini ulugʻlar shunday izohlaydilar: “Axloq” soʻzi lugʻaviy maʼnoda kishining xulq-atvori, feʼli, qiligʻi, odobini anglatadi. Qadim adabiyotimizda “axloqi hamida” yoki “axloqi hasana” atamasini uchratamizki bu “yaxshi maqtovga arziydigan xulq” demakdir. Alisher Navoiy hazratlari yozganlarki: “Goʻzal xulq – koʻngilni ochadi, xunuk xulq – hayotni oʻksitadi”.

Har bir odamga yaxshi xulq zarurligini, xulq aqlning tashqi surati ekanini kattalar biladi. Lekin hamma ham uni izlamaydi, unga intilmaydi. Ulugʻlik nasl-nasab bilan emas, balki aql va yaxshi xulq bilan ekanligi birovlarga maʼlum, birovlar esa bila turib oʻzini bilmaganga oladi. Arastu hakim: “Adabning koʻrkamligi ilm-u odob bilan hosil boʻladi”, degan. Chunki yaxshi xulq obroʻ-eʼtibor sarmoyasidir. Yomon xulqning egasi esa xudbinlikdan, nafsi buzuqlikdan, atrofdagilarga yomonlik sogʻinib yashash bilan huzur qilib yashaydi. Birov yaxshi xulqqa oʻrgatsa ham oʻrganmaganni donishmandlar hayvon deb ataydilar. Odamning xulqi goʻzal boʻlishi uchun uning ichki dunyosi ham goʻzal boʻlishi kerak. Yaʼni u gʻazabini tiya oladigan, shirin soʻz, nafsi tiyiq, adolatli va bilimli boʻlishi zarur. Qachonki mana shu toʻrt sifat kishida mujassam boʻlsa u goʻzal xulq sohibidir.

Hikmatlardan: “Odob-axloq buyuk tojdir, uni kiygin-da, qayga borsang, boraver”, deyiladi. Haqiqatdan ham odob tojini kiygan kishi hech yerda xor boʻlmaydi, qayerga borsa, odamlar uni hurmat bilan kutib oladi. Beodob esa hamma yerda xordir.

Ayrim odamlar yaxshi xulq egasi boʻlish uchun yaxshi ilm olish kerak, deb hisoblaydilar. Bu masalada shuni aytamizki, ilmli odamlarning barchasi ham yaxshi xulq egasi boʻlavermaydi. Yoki aksincha, ilmsiz odamlarning barchasi ham yomon xulqli emas. Sharafli hadisda taʼkid etilganki: “Sizlarning yaxshilaringiz – odob va axloqi yaxshi boʻlganlaringizdir...” Yomonlik urugʻini sepgan kishi zarardan oʻzga hosil olmaydi. Goʻzal xulq niholini koʻkartirgan kishi tinchlik, shodlik, xotirjamlik mevasini yeydi. Aql – bamisoli yoʻl koʻrsatuvchi nasihatgoʻy. Adolat esa aql koʻrsatmasini bajaruvchi kuch. Gʻazab bamisoli ovchi it. Kimda shu xislatlar moʻtadil boʻlsa, uning xulqi goʻzaldir.

Ustoz Abdulla Avloniy axloqqa bunday taʼrif berganlar: “Axloq insonlarning yaxshilikka chaqiruvchi, yomonlikdan qaytaruvchi bir ilmdir. Yaxshi xulqlarning yaxshiligining, yomon xulqlarning yomonligining dalil va misollar bilan bayon qiladurgan kitobini “axloq” deyilur. Axloq ilmini oʻqib, bilib amal qilgan kishilar oʻzining kim ekanligini yer yuzida nima ish qilmak uchun yurganini bilur. Bir kishi oʻzidan xabardor boʻlmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadri-qimmatini bilmas. Oʻz aybini bilib, tuzatmoqqa intilsa, bu chin bahodir kishidir.

 

Tohir Malik,

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.