Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ezgulikdan ungan mehr

Vaqtni oʻtishini qarang, “Gulxan” jurnalining sobiq bosh muharriri (1972–1978) Toʻlqin Qozoqboyev – Toʻlqin Muhiddin bugun oʻzlarining sakson yoshlarini nishonlayaptilar.

Gulxanjon u kishini bosh muharrir sifatida quchoq ochib kutib olganida Toʻlqin aka oyogʻidan ham, qalamidan ham oʻt chaqnagan, hali qirqqa ham toʻlmagan navqiron yigit edi. Toʻlqin aka yosh boʻlsa ham jamoaga bosh boʻldi. Soʻzi bilan ishi bir, xodimlariga ham, mualliflarga ham birday mehribon, jasoratli rahbar sifatida barchani hurmatini qozondi.

Tahririyat esa davrning eng mashhur ijodkorlarining suyukli maskaniga aylandi. Taniqli adabiyotshunos olimlar Toʻxtasin Jalolov, Muzayyana Alaviya, har bir asarini xalqimiz intiqib kutadigan Mirzakalon Ismoiliy, Gʻayratiy, Zulfiya, Asqad Muxtor, Hamid Gʻulom, Turob Toʻla, Farhod Musajon, Nikolay Krasilnikov, Boris Pak, Javlon Umarbekov, Bahodir Jalolov kabi adabiyot, tasviriy sanʼat dargʻalari, jurnal muassislari hali siyohi, boʻyogʻi qurimagan asarlarini “Gulxan”ga ilinadigan boʻlishdi. Jurnal haqida, uning mazmunan boyishiga xizmat qiladigan qimmatli fikr-mulohazalarini bildirib turishdi. Oʻsha davrda jurnal adadi rekord natijaga – 800-900 ming nusxaga yetdi. Oʻquvchilar jurnalning har bir sonini orziqib kutadigan boʻldi. Yosh isteʼdodlar hech choʻchimasdan yozgan sheʼr, hikoyalarini, chizgan rasmlarini yuborishardi. Tahririyatga yiliga 40-45 ming dona xat kelardi. Ularning birortasi ham nazardan chetda qolmas edi.

Toʻlqin akani hammamiz oʻz otamizdek yaxshi koʻrar, har bir ishda u kishi bilan maslahatlashardik. Ustoz ijodimizni ham, oʻzimizni ham nooʻrin tanqidlardan dadil himoya qilardi. Yozganlarimizni biroz tahrir bilan boʻlsa-da jurnalda chop etardi. Biz bir oiladek ahil-inoq edik. Toʻlqin aka keyinchalik katta-katta rahbar lavozimlarda ishlaganlarida ham, markaziy gazetalarga rahbarlik qilganlarida ham “Gulxan”ga, gulxanchilarga boʻlgan mehr u kishini tark etmadi. “Gulxan” bilan hamisha aloqada boʻlib turdilar. Hozir ham bu doʻstlik davom etyapti. Bolalarga atab ertak, hikoya yozsalar darhol tahririyatga olib keladilar. Qoʻllaridan kelgan maslahatlarini beradilar.

Qadrli ustoz, muborak yoshingiz qutlugʻ boʻlsin. Yana koʻp yillar bugungiday quvnoq, Gulxanjonga oʻrtoq boʻlib yuring. Yangi asarlarigizni oʻqishga hamisha mushtoqmiz. Samimiyatga toʻla yuragingiz, ezguliklaringiz bilan qalblarda undirgan mehringiz kelajak avlodning ham umr yoʻllarini yoritib tursin.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.