Mehnat zavqi
Kech kuz. Quyosh kishi tanasini yayratib, iliqqina nurini sochmoqda. Bugun yakshanba, dam olish kuni. Barno barvaqt turib hovlini supurdi. Onasi bilan birga ishkom tagidagi supachaga nonushta tayyorladi. Oila aʼzolari har kungidan ham miriqib nonushta qilishdi. Notushtadan soʻng dadasi qizlariga:
– Bugun bogʻda ishlaymiz. Behi, anor pishibdi, terib olamiz, – dedi.
Barno nonushta dasturxonini yigʻishtirgach, hovli etagidagi bogʻga oʻtdi. Zebo esa xushlamaygina oʻrnidan turdi.
Bogʻ juda goʻzal tus olgan. Daraxt barglari siyraklashgan, oltinday tovlanib turibdi. Sargʻish va qizgʻish mevalar barglar orasidan moʻralab, Barnoga: “Men pishib yetildim, terib oling”, deyotganday goʻyo.
Bogʻ manzarasi, tabiat goʻzalligidan kayfiyati koʻtarilgan Barno oyisi va dadasiga bogʻ yumushlarida koʻmaklashdi. Chaqirganlarida “Labbay” deb javob berdi. Biror yumush buyurganlarida “Xoʻp boʻladi”, deb darhol bajarishga harakat qildi. Savatga terilgan mevalarni yashiklarga solish, yerga toʻkilganlarini terish, xazonni toʻplash kabi yumushlarni maroq bilan bajardi.
Tushlik payti dadasi qizlariga:
– Qizaloqlarim, men bu yumushlarni sizlarsiz ham bajara olardim. Bugun dam olish kunida qizlarim bogʻda, tabiat qoʻynida mehnat qilish ham zavqli ekanini bilishsin, dedim xolos. Toza havodan bahra olib, chiniqishingizni xohlagandim, – dedi.
Barno bogʻ tomon savatchalarni koʻtarib xursand chopqilladi. Zebo ham opasiga ergashdi. Bogʻda oila aʼzolari bilan gurunglashib hosil yigʻish, tabiat qoʻynida opasi bilan quvlashmachoq, bekinmachoq oʻynash Zeboning ham kayfiyatini koʻtardi.
Zeboning oʻqituvchisi uyda “Kuz manzarasi” mavzusida insho yozib kelishni tayinlagan edi. Zebo kun davomida tabiat qoʻynida olgan taassurotlari asosida inshoni hech qiynalmay zavq bilan yozib qoʻydi.
Surayyo XURBOYEVA,
Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 255-maktab oʻqituvchisi