Kitoblar quyoshga oʻxshaydi
Kitob soʻzini eshitganimda bir voqea yodimga keladi. Adashmasam, oʻsha paytlari sakkiz yo toʻqqiz yoshda edim. Dadam bilan daladan qaytishda bozorga borishni va albatta, muzqaymoq olishni kelishib olganimizdan soʻng sholipoyaga joʻnadik. Ayam dadamga bir qogʻoz tutqazdi. Unda bozordan olib kelishimiz kerak boʻlgan narsalarning roʻyxati yozilgandi. Dalaga bordik, sholiga suv meyorida oqayotganini koʻrib, koʻnglimiz tinchidi. Axir, suv boʻlmasa sholi ham boʻlmaydi-da. Biroz dalada aylanganimizdan keyin bozorga joʻnadik. Bozorda kitoblar doʻkoni yonidan oʻtdig-u, dadam darrov ortga qaytdi. Muzqaymoqqa atigi oʻn qadam qolganida men ham ortga qaytdim. Ketmon ushlayverib temirday qattiq boʻlib ketgan dadamning qoʻli qoʻlimni mahkam ushlab olganidan keyin qaytmaslikning iloji ham yoʻq edi. Kitoblar doʻkoniga borib, dadam doʻkonchi opaga “Shu bola yoshidagilar oʻqiydigan kitoblarni koʻrsating”, – dedi. Nahotki, oʻz-oʻzimni kitobim boʻlsa, deb boshim osmonga yetdi. Oʻshanda Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” romanini sotib oldik. Keyin xuddi pultga oʻxshaydigan, ekrani, tugmalari bor oʻyinchoq ham oldik. Uyga quruq qoʻl bilan qaytdik. Sababi, kitob bilan oʻyinchoqqa pulimiz yetgandi, xolos. Ayam juda tilla ayol. Dadamni darrov tushundi. “Bolamizni oʻqimishli boʻlsin debsiz-da. Yaxshi oʻylabsiz. Hozircha hamma narsa yetarli. Yanagi safar olib kelarsiz...”, – dedi. Lekin, ayam aldagandi. Chunki, oʻsha kuni ovqatga kartoshkani qoʻshnimizdan olib chiqdik. Shu zaylda, mening birinchi shaxsiy kitobim paydo boʻldi.
Dadam – tinglovchim
Ikkinchi sinfligimda oltinchi sinf oʻquvchisi Hoshimjonning sarguzashtlari yozilgan kitobni oʻqib chiqdim. Kuniga uch-toʻrt betdan oʻqirdim. Agar dadam uyda boʻlsalar, yonlariga olib oʻqishimni tinglardilar. Oʻqib boʻlganimdan keyin dadam nimani oʻqiganimni qaytadan soʻrardi. Axir, hozirgina ovozimni chiqarib oʻqiganimni aytsam ham baribir, xayolimda qolganlarini soʻzlab berishim shart edi. Boʻlar bola boshidan, deyishadi-yu, lekin oʻsha bolaning boʻladigan boʻlishida kattalarning xizmati katta ekan. Sababi, bolaligimdan oilam kitobga mehr uygʻotmaganida edi, bugungi natijalarimga erisha olmasdim. Maktabga borishdan avvalroq ayajonim menga yozishni oʻrgatgandilar. Ammo ayam oʻrgatgan yozuv boshqacha-yu, maktabdagi boshqacharoq edi. Yangi yozuvni ham tezda oʻrganib oldim. Birinchi sinfdagi sheʼrlar yozishga boʻlgan ishtiyoq, ikkinchi sinfdagi dadamning sovgʻasidan keyin yanada oshdi. Hoshimjonning sarguzashtlari haqida oʻqib, oʻzimni xuddi uningdek tasavvur qilardim. Tasavvurimdagilarni esa sheʼrlarda aks ettirardim.
“Boshidan boshlaymiz”
“Yosh kitobxon” tanlovining oʻtkazilishi, gʻoliblarga “Prezident sovgʻasi” sifatida mashina sovgʻa qilinishi butun dunyoga oʻrnak qilsa arziydigan tashabbus boʻldi. Kitoblarga boʻlgan mehr sabab tanlovda qatnashishga jazm qildim. Oʻqilishi kerak boʻlgan kitoblar roʻyxatini koʻrganimda, koʻpi bilan tanish ekanligimdan quvondim. 2017-yilda tanlovning tuman, viloyat bosqichlarida gʻolib boʻldim. Respublika bosqichi 2018-yilda boʻldi. Garchi, gʻolib boʻlmasam-da, eng faol ishtirokchi nominatsiyasi bilan taqdirlandim. Tanlovdan soʻng, juda xafa boʻldim. Xonamga qamalib oldim. Shunda dadam yonimga kelib, oʻsha kitobni, men uchun qadrli boʻlgan “Sariq devni minib” romanini qoʻlimga tutqazib, “Boshidan boshlaymiz”, – dedi. Shu ikki soʻz meni shu qadar ruhlantirdiki, xafagarchiliklar tarqadi.
Shuyam jurnalistmi?
Bir kuni uyimizga ijodim, yutuqlarim haqida koʻrsatuv tayyorlashga jurnalist keldi. Turli savollariga javob berdim. Hammasi yaxshi edi-yu, lekin shu jurnalistning bir fikri menga yoqmadi. Nima emishki, oilamda universitetda oʻqiganlar bormikan? Men, oddiy dehqon oilasi ekanligimizni aytganimda, jurnalist opa: “Ha tushunarli, unda ziyoli oila deb tanishtirmay qoʻya qolaman”, – dedi. Bu gapga dadam bilan ayajonim unchalik eʼtibor berishmadi. Lekin, menga alam qildi. Oliy maʼlumotli degan diplomi borlar ziyoli ekan-u, lekin farzandi uchun roʻzgʻoridan orttirib kitob olib beradigan mehnatkashlar ziyosiz ekan. Jurnalistning shu gapidan keyin oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim. Men shunday jurnalist boʻlayki, ziyolilikni diplom bilan oʻlchaydigan baʼzi kishilarga haqiqiy jurnalist qanday boʻlishi kerakligini koʻrsatib qoʻyay.
Bolalik bayotim
Chindan ham ijod qilishni yaxshi koʻraman. Aql va qalb bilan fikrlashga harakat qilaman. Axir, Oʻtkir Hoshimov bekorga “Ijodkorda qishloqning qalbi, shaharning aqli boʻlishi kerak”, – deb yozmagan-ku. Hoshimjon haqidagi kitobni, uning sarguzashtlari-yu, hangomalarini oʻqib, juda taʼsirlangandim. Tanlovda yutqazib qoʻyganimda ham shu kitob bilan ovungandim. Kitoblarni har koʻrganimda, meni ham shunday kitoblarim chiqadi, deb niyat qilaman. Niyat qilgan inson, albatta, oʻylaganiga erishar ekan. Oʻn uch yoshimda birinchi sheʼriy kitobim nashr qilindi. “Bolalik bayoti” deb nomlangan jajji kitobcham chiqqanidagi quvonchimni tasavvur qila olmaysiz.
Ustoz bilan uchrashuv
Oʻylab qarasam, “Sariq devni minib” asari hayotimni anchagina oʻzgartirgan, ijodkor boʻlishimga kattagina hissa qoʻshgan kitob ekan. Albatta, kitobga qanchalik mehrim boʻlsa, uning muallifiga ham muhabbatim cheksiz. Bolalar va oʻsmirlarga, birdek manzur boʻladigan asarlar yozgan adibga hurmatim baland. Bolaligimdan Xudoyberdi Toʻxtaboyev bilan uchrashishni orzu qilardim. 2018-yilda sevimli yozuvchimning uylariga bordim. Sheʼrlarimni, hikoyalarimni eshitib, fikrlarini bildirdilar. Shunday qilib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi Toʻxtaboyevning eng kenja shogirdlaridan biriga aylandim.
Bolalar kitobi-ku...
Bu yil “Onam kiprigiga arzimas dunyo” nomli sheʼriy kitobim chop etildi. Unga Xudoyberdi bobom soʻzboshi yozib berdilar. Ayniqsa, ularning “Yorqinjon oʻgʻlim, ijoding yorqin va bardavom boʻlsin. Seni quchoqlab, peshonangdan oʻpib qolaman!”, – deb yozganlari qanday baxtli yosh ijodkorlar qatorida ekanimdan dalolat beradi. Yillar avval dadajonim aynan “Sariq devni minib”ni emas, boshqa kitobni olib berganlarida men bugungi natijalarga erisha olarmidim... Yoʻq, buni tasavvur ham qila olmayman. Bu kitob menga, mening ruhiyatimga shu qadar taʼsir qilganki, uning natijasida bugun ijod qilib oʻtiribman. Yozganlarimni yana-da yaxshiroq anglamoqchi boʻlsangiz, “Sariq devni minib” romanini oʻqib koʻring.
Yorqinjon HAYITBOYEV