Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Moʻjizaviy neʼmat

Aziz bolajonlar, barcha darmondorilarni oʻzida jam qilgan qovoq yuzlab kasalliklarga davo boʻladi. Tarkibida kaliy, temir, kalsiy, magniy koʻp boʻlgani uchun asablarni tinchlantirishda, boʻy oʻstirishda, raxit kasalida, yurak-qon tomir xastaliklarini bartaraf qilishda yordam beradi. Qovoqning et qismida ishqorli moddalar koʻpligi sababli shifokorlar uni kuchli kislotali gastrit bilan ogʻrigan bemorlarga tavsiya qilishadi. Qovoq qabziyat, varikoz, ateroskleroz, qandli diabet, podagra, oʻt-tosh kasalini davolash xususiyatiga ham ega.

 

Urugʻi-chi?

Agar uni faqat gijjaga qarshi vosita deb oʻylasangiz, adashasiz. Qovoq urugʻi sochdagi qazgʻoq, tanadagi yirik husnbuzar va chipqon, umuman teri kasalliklari, zamburugʻli infeksiyalarni davolashda tengi yoʻq tabib hisoblanadi. Buning uchun qovoq urugʻini maydalab, kukun holiga keltirib, ozroq mineral suv bilan aralashtirasiz. Soʻng sochga niqob, zararlangan teriga kompres qilishingiz mumkin. Foydasini ikki haftada bilasiz.

Darvoqe, gijjadan xalos boʻlish uchun qovoq urugʻini yotishdan oldin asal bilan yeb, ertalab bir osh qoshiq kanakunjut moyidan ichish kerak. Ana shunda xuqna qilishga ham zarurat boʻlmaydi, ichaklaringiz darrov bu zararkunandalardan xalos boʻladi.

 

Shirasi

Qovoqning et qismini qirgʻichdan oʻtkazib, suvini siqib olsangiz, shira tayyor. Uni ozroq ilitib, tomoq ogʻrigʻi va stomatitda chayish uchun foydalansangiz boʻladi. Qovoq shirasi bavosilga ham davo. Yana qovoq shirasi kamqonlikda, yurak betobligida ham yordam beradi. Buning uchun qovoq shirasini nahorga yoki ovqatlar orasida yarim piyoladan bir oy davomida ichiladi.

Qovoq gulining damlamasini teridagi uzoq bitmayotgan va yiringli yaralar, chuqur kuygan joylarga qoʻyish kerak.

 

Sariq kasalidan keyin

Oʻrtacha kattalikdagi qovoqning ichini urugʻidan tozalab, toza togʻ asali bilan yarmigacha toʻldiramiz. Keyin qovoq ustiga xamirdan qopqoq yasab, ustidan oʻzining avval kesib olingan bandini yopamiz. 10 kundan keyin shifobaxsh malham tayyor. Uni 1 osh qoshiqdan kuniga 3 mahal, ovqatdan oldin 20 kun davomida ichish kerak. Ushbu aralashma siydik-tosh kasali, silda ham yordam beradi.

 

Orasta boʻlish uchun

Teringiz yogʻli boʻlsa, qovoqni qirgʻichdan oʻtkazib, 1 osh qoshigʻiga bir dona tuxum sarigʻi va bir choy qoshiq asal qoʻshing-da, yuzingizga surting. Qovoq yuzni oqartirib, terini silliqlash xususiyatiga ega. Quruq teri uchun esa pishirilgan qovoqdan foydalaning. Unga zaytun moyini qoʻshing, teringiz oziqlanadi, yuzdagi husnbuzarga ham davo boʻladi.

 

Zarari nimada?

Qovoqni qonda qand miqdori keskin oshganda, oshqozon yarasida, past kislotali gastritda kamroq yeyish maslahat beriladi. Qolgan holatlarda bu mahsulot sizga faqat foyda qiladi.

 

Dilafroʻz ZAYNIYEVA tayyorladi.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.