Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Iqtidorlar maskani

Salom, qadrli tengdoshlar! Bu yil eshik ham qoqmay bostirib kirgan karantin nafaqat dunyo iqtisodiyoti, siyosatiga, balki, har birimizning 2020-yil uchun moʻljallagan rejalarimizga ham oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Kimdir ingliz tilini oʻrganmoqchi edi, kimdir esa ustozi bilan qoʻshimcha shugʻullanib, matematikadan bilimlarini oshirishni diliga tukkandi. Lekin oramizda shunday uddaburon doʻstlarimiz bor ekanki, pandemiya sharoitiga qaramasdan ular Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Boku shahrida raqs boʻyicha boʻlib oʻtgan xalqaro tanlovda qatnashib, 1-oʻrinni qoʻlga kiritishibdi. Kim oʻsha gʻolib bolalar, deysizmi?! Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining oʻquvchilari.

Bu haqida men “Yoshlar oyligi” munosabati bilan maktabda tashkil qilingan tadbirda eshitdim. Ushbu tadbirda Chilonzor tumanidagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablaridan oʻquvchilar va ustozlar ishtirok etdi. Ushbu maktabda 30 dan ortiq turli toʻgaraklar faoliyat yuritmoqda. Ana shu toʻgarakdagi oʻrtoqlari yasagan ajoyib buyumlar, aqlli robotlarni kuzataturib, mehmon bolalar ham boʻsh vaqtlarini samarali oʻtkazishni rejalashtirgan boʻlsa ajab emas.

Yana bir xushxabar, ushbu maktabning “Alladin” vokal dastasi va “Fantaziya” guruhlari “Iqtidorli bolalar” xalqaro onlayn tanlovida 1-oʻrinni qoʻlga kiritishibdi.

Men ham iqtidorli bolalarning bu ijod namunalari bilan sizlarni tanishtirish maqsadida ularni suratga tushurdim.

Ayting-chi, qadrdonim, siz boʻsh vaqtingizni qanday oʻtkazyapsiz? Hamma yomon deyayotgan karantindagi Yaxshi kunlaringiz taassurotlarini biz bilan boʻlishishdan tortinmang! Maktublaringizni kutamiz.

 

Dilnavoz NAJIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.