Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yoshlar bayrami

Mamlakatimizda vatanimiz kelajagi boʻlgan farzandlarimizning salohiyatli, maʼnaviyatli va dunyoqarashi keng yoshlar boʻlib kamolga yetishiga katta eʼtibor berilmoqda.

Respublikamiz maktablarida “Noyabr – yoshlar oyligi” shiori ostida oʻtkazilayotgan qator tadbirlar ana shu maqsadga qaratildi. Oʻquvchilar vatanimizda komil inson tarbiyasiga bagʻishlangan qator farmon va qarorlar bilan tanishtirildi. Maktabimizda boʻlib oʻtgan adabiy kechani ham hech ikkilanmay yoshlar bayrami deya olamiz. Chunki bu bayramda maktabimizning barcha oʻquvchilari faol qatnashdi. Bolalarning toʻgaraklarda oʻz qoʻllari bilan yasagan buyumlar, tikkan liboslari, chizgan rasmlari asosida qilingan koʻrgazma esa ularning isteʼdod va qobiliyatlari namoyishi boʻldi.

Maktabning drama toʻgaragi aʼzolari tengdoshlari xatti-harakatlarida kuzatilayotgan nuqson va kamchiliklarni sahnada namoyish qilishdi. Sheʼriyat ixlosmandlari Muslima Nurmatova, Munisa Ravshanova, Lazokat Moʻminjonovalar ijrosida yangragan Oʻzbekiston xalq shoirlari Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Iqbol Mirzolarning yoshlarga, yoshlikka atalgan sheʼrlarini tinglab zimmalaridagi burch, vazifalarini teranroq anglab yetishdi. 5-sinf oʻquvchilari esa donishmandlarning farzand tarbiyasi haqidagi hikmat va maqollarini aytib, ustozlar olqishiga sazovor boʻlishdi.

Bunday tadbirlar yigit-qizlarimizni alloma ajdodlarimizga munosib avlod, xalqimiz orzu qilgan vatanparvar, qadriyatlarimizga sodiq boʻlib, oʻzligini anglab voyaga yetishlariga xizmat qilishiga ishonamiz.

Sohiba YUNUSOVA,

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi

303-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.