Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yovvoyi koʻk gʻozlar

Ufqlarga tutashib ketgan poyonsiz Aydarkoʻl yam-yashil vodiy uzra yastanib yotibdi. Aydarkoʻl – qushlar makoni. Koʻlning sayoz joylari oʻtlarga boy, ozuqaga toʻla. Hasharotlarning son-sanogʻi yoʻq. Turfa xil qushlar bu yerdan rizqini topib, oʻzidan koʻpayib, betashvish yashaydi. Maʼlum chuqurlikdagi qamishlar qushlarni kushandalardan himoyalaydi.

Aydarkoʻlga koʻrk bagʻishlab suzib yuruvchi oʻziga xos chiroyli va maftunkor yovvoyi koʻk gʻozlar salobati, nazokati hamda sadoqati bilan ajralib turadi. U gʻoyat sezgir va ehtiyotkor. Xafv-xatar sezilgudek boʻlsa, “poyloqchi”si darhol bezovta qogʻillab osmonga uchadi. Oʻziga xos bunday ogohlantirishni sezgan koʻldagi barcha koʻk gʻozlar ham duv etib koʻkka koʻtariladi.

Xonaki gʻozlar ajdodi boʻlgan koʻk gʻoz miqti qush boʻlib, kamdan-kam hollarda uchadi. Uchganda ham xuddi bir narsadan qoʻrqqandek qanotlarini tez-tez, qattiq-qattiq qoqadi. Aydarkoʻl ular uchun sevimli makon. Chunki oʻtloq va yalangliklardan iborat koʻl qirgʻoqlari uya qurish uchun ancha qulay. Koʻk gʻozlar oila qurish oldidan odatda yalangroq joydan in qurishadi. Biroq bola ochish – tuxum bosish chogʻida bu uyni tark etishadi. Polaponlar sogʻ-salomat tuxumdan chiqishi uchun toʻqay, qalin qamishzorlar bagʻridan bexavotirroq, panaroq joydan yangi uya qurishadi. Unga yumshoq xas-xashak va qush patlari toʻshaydi.

Ona gʻoz tuxumdan chiqqan polaponlarni yorugʻ olam bilan tanishtiradi. Dastlabki kunlarda bolalarining qornini toʻydirish ota qush zimmasida boʻladi. Ona qush bu paytda joʻjalari yonidan jilmaydi, xavf-xatardan himoya qiladi. Iliqqina qanotlari ostida olib yotadi. Polaponlar yurishning mashqini olgach, ularni uya yaqinidagi koʻl qirgʻogʻiga yetaklab chiqadi, ozuqa topishga, qorin toʻydirishga oʻrgatadi. Ammo har xil feʼl-atvorli, urushqoq, yirtqich qushlar orasidan rizq topib yeyish oson emas. Har qadamda xavf tahdid solib turadi. Qirgʻoqqa yaqin joyda in qurgan ona tulki polaponlar uchun eng xavfli dushman. Chunki tulki bolalarim yemishni qiynalmasdan chaynasin, deb barra goʻshtli polaponlarni ovlashni maʼqul koʻradi. Ona gʻoz bolalarini ayyor dushmandan asrash uchun epchillikka, sabrlilikka, jurʼatli boʻlishga oʻrgatadi. Koʻl boʻyida qaysi jonivor epchil va kuchli boʻlsa, yemishning quyugʻi oʻshaniki boʻladi. Gʻozlar toʻdasi qancha katta boʻlsa, xatar shuncha kamayadi. Polaponlarni bunday ofatdan qushlarning oʻzaro ahilligi qutqaradi.

Yovvoyi koʻk gʻozlarning bir qismi yurtimizda qoladi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, qishlash uchun qolgan gʻozlar soni uch mingdan ziyodni tashkil etarkan.

Kuz oxirlab qolgan boʻlsa-da, quyoshning iliq kunlaridan bahramand koʻk gʻozlar koʻlni tark etishgani yoʻq. Qamishchumchuq, qashgʻaldoq va zargʻaldoqlar quvonch bilan sayraydi. Koʻktargʻoq necha bor suvga shoʻngʻib, polaponlariga ozuqa keltiradi. Sariq jiblajibon ovga chiqib pashsha tutadi.

Hademay gʻozlar uchun izgʻirinli kunlar boshlanadi. Aydarkoʻl posbonlari beozor qushlarga gʻamxoʻrlik koʻrsatib yetarlicha ozuqa yetkazib berish taraddudida.

Qisqasi, quyosh koʻl suvini tobora ilitib, oʻtloqlarni qushlarning yoqimli yemishi – gajakoʻt, binafsha, maymunjon, zaʼfaron kabi gullar bilan bezaydi. Kun poyoniga yetay deganda atrofga sukunat choʻkadi. Qushlar kelayotgan qish-qirovli kunlarni qanday oʻtkazish rejasi bilan uyquga ketadi

Nigora ORZUQULOVA,

Gʻallaorol tumanidagi

22-maktab oʻqituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.