“Ustoz-shogird” – taʼlimdagi goʻzal anʼana
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 320-umumtaʼlim maktabining boshlangʻich sinflarida “Ona tilim jon-u dilim” mavzusida ochiq dars soatlari tashkil etildi. Ayniqsa, 4-”A”sinfda oʻtkazilgan dars soati mavzuni rang-barang matnlarga boyligi, oʻquvchilarning faolligi bilan barchamizni lol qoldirdi. Unda oʻquvchilar ona tilidan faxrlanish tuygʻulari aks etgan sheʼrlar yodlashdi. Jajji bolajonlar jonajon tilimiz haqidagi noyob maʼlumotlarni faxrlanib soʻzladilar. Buyuk ajdodlarimizning hikmatli soʻzlaridan aytib, ona tillarini naqadar hurmat qilishganini namoyon etdilar. Yana hayotiy misollar keltirib, tilimizni buzib gapirish beodoblik ekanligini, oʻzbek tilida koʻp maʼnoli soʻzlar, ulardan foydalanish, muomala madaniyati xususida bir-birlari bilan bahs-munozara yuritishdi.
Ustoz va jajji oʻquvchilar birgalikda tayyorlagan sahna koʻrinishlari mehmonlarga manzur boʻldi. Bolalar ijrosida ona tilimizni ardoqlash haqida yangragan chorlovlar barchamizni hayajonga soldi. Qadimiy qoʻshiq va laparlarimiz tilimizning naqadar boy ekanligining isboti boʻldi. 4-sinf oʻquvchilarining ushbu chiqishlarini koʻrib, ustoz mahoratiga qoyil qoldik. Sinf rahbari Gulnora opa Karimjonovaning koʻp yillik pedagogik tajribasi, ijodkor oʻqituvchi sifatida tayyorlagan ushbu dars soatlarida qatnashgan biz yosh oʻqituvchilar yangi bilimlarga ega boʻldik.
Shunday ekan, bugungi kunda taʼlim maskanimizda “Ustoz-shogird” anʼanalari davom etaversin!
Muyassar ISROILOVA,
Shayxontohur tumanidagi 320-maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi