Uygʻun
Rahmatulla Otaqoʻzi oʻgʻli Uygʻun 1905-yili hozirgi Qozogʻiston Respublikasi Jambul viloyatining Marki qishlogʻida xizmatchi oilasida dunyoga keldi.
Uygʻun 1927-yili Samarqanddagi Pedagogika akademiyasiga oʻqishga kirib, Mirtemir, Hamid Olimjon, Amin Umariy, Hasan Poʻlatlar bilan tanishadi.
1929-yili shoirning “Bahor quvonchlari” nomli birinchi kitobi chop etildi. 30-yillarda uning “Ikkinchi kitob”, “Quyosh oʻlkasi”, “Sheʼrlar”, “Muhabbat” kabi sheʼriy toʻplamlari, bir qator hikoya va dostonlari bosilib chiqdi.
Uygʻun sheʼriyati markazida bahor, muhabbat, Vatan, tinchlik, doʻstlik mavzulari turadi. Dastlabki sheʼriy toʻplamining “Bahor quvonchlari” deb atalishi ham bejiz emas. “Vatan – Ona soʻzi naqadar aziz” deb boshlanuvchi “Vatan” nomli sheʼri oʻzbek sheʼriyatida ona Vatan haqidagi eng yaxshi asarlar sirasiga kiradi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi yuksak vatanparvarlik fazilatlarini kuylagan shoir sheʼriyati yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi. Uygʻun bu davrda “Ona” (1942), “Alisher Navoiy” (1943, Izzat Sulton bilan hamkorlikda), “Qaltis hazil” (1944) kabi sahna asarlarini ham yaratdi.
Uygʻunning urushdan keyingi yillardagi ijodida urush va tinchlik, fidokorona mehnat mavzulari yetakchilik qildi. Shoir shu davrda “Hayot chorlaydi” (1954) sheʼriy toʻplamini eʼlon qildi. “Hayot qoʻshigʻi” (1947), “Oltinkoʻl”, “Navbahor” (1948), “Soʻnggi pushaymon” (1955) singari dramatik asarlarini yozdi.
Shoirning 60-yillar soʻngida yozgan sheʼrlarida koʻproq umuminsoniy qadriyatlarni ardoqlash yetakchilik qiladi. Bu jihatdan “Xirosima takrorlanmasin”, “Himolay”, “Chodir yopingan ayol”, “Shahringga yoʻl oldim”, “Hind raqqosasiga” kabi sheʼrlari eʼtiborga loyiq. Shuningdek, u “Ukraina yellari”, “Jontemir”, “Gulasal” kabi doston va balladalar ham yaratgan. Dramaturgning “Parvona” (1956), “Abu Rayhon Beruniy” (1973), “Ibn Sino”, “Zebuniso” kabi dramalari tomoshabinlarning sevimli sahna asarlariga aylangan. Bu pyesalar hamon teatr sahnalaridan tushgani yoʻq. Uygʻun 1952–1954-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi boʻlib ishladi.
U oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi uchun 1956-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi”, 1965-yili esa “Oʻzbekiston xalq shoiri” faxriy unvonlariga, shuningdek, Respublika Davlat mukofotiga sazovor boʻldi. Uygʻun 1974-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga muxbir aʼzo qilib saylangan. U A. S. Pushkin, M. Y. Lermontov, A. P. Chexov, L. N. Tolstoy, V. Shekspir asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.