Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ularni o‘quvchi deb bo‘ladimi?

Saida o‘quv yili boshlanganidan quvonib, kitob-daftarini taxt qilish harakatiga tushdi. U bu yil 7-sinfga ko‘chdi. “Qanday yaxshi, katta sinflar qatoriga kirib qoldim, endi yanada yaxshi o‘qishim kerak”, – ahd qildi u. Ro‘yxat asosida maktab kutubxonasidan barcha darslik kitoblarni oldi. Uyga kelgach, ularning muqovasini oq qog‘oz bilan o‘rab chiqdi. “Ana endi bu kitoblarni avaylab, gard yuqtirmay o‘qiyman. O‘quv yilining oxirida o‘qituvchimizga top-toza qilib topshiraman”, deb xayolidan o‘tkazdi. So‘ng qo‘liga fizika kitobini olib varaqladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, kitobning qoq o‘rtasidagi yangi mavzu boshlangan sahifa yirtib olingan ekan. Etlari jimirlab, ma’yus tortib qoldi.

Ertasiga kitobini sinf rahbariga ko‘rsatdi.

– Olib kelib yaxshi qilibsan. O‘zim ham xuddi shu mavzuda sizlar bilan suhbatlashib olmoqchi edim, – dedi o‘qituvchisi.

Shu kuni darsdan so‘ng “Kitoblarga munosabat” mavzusida suhbat bo‘ldi. Sinf rahbari Saida keltirgan fizika kitobini bolalarga ko‘rsatib, bu ishning nihoyatda xunuk illat ekanligini misollar bilan tushuntirib berdi va o‘quvchilarning ham fikr-mulohazalarini so‘radi.

Qadrli jurnalxonlar, men o‘quvchilarning bu haqdagi turli-tuman fikrlarini aytishni keyingi safarga qoldirdim. Sababi, bu holatga sizning munosabatingizni bilmoqchiman. Ayting-chi, kitob sahifalarini yashirincha yirtib, kutubxonaga topshiradigan “o‘quvchilar”ga qanday chora ko‘rish zarur, deb o‘ylaysiz? Bu haqda fikr-mulohazalaringiz yozilgan xatlaringizni kutib qolamiz.

 

Shahnoza KARIMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.