Xayr, maktabim…
Oppoq lentalarni taqib, bolalik hayratlari bilan ilk bor maktabga kelgan kunimni yaxshi eslayman. Maktabdagi ustozlar men kabi ko‘zlarida qo‘rquv va hayajon balqib turgan jajji bolakaylarni quchoq olib kutib olishdi. Sinfxonada esa “yangi” do‘stlarim bilan tanishdim.
Kunlar, oylar, yillar o‘tib, 11-sinfni tamomlash ostonasiga ham yetib kelibmiz. Ustozlarimiz doimo xuddi ota-onamizdek mehribon, g‘amxo‘r bo‘lishdi. Mana, maktabni bitirish ostonasida turibmiz. Lekin sira maktabdan ketgim kelmayapti. Bu yerda bolaligim, eng ajoyib, quvnoq kunlarim o‘tdi. Lekin bizdan keyin o‘qiyotgan bolalarga, vaqtingizni behuda o‘tkazmang, ko‘proq bilim olishga harakat qiling, deyman. Men bularni kechroq angladim. Maktabimizda turli fan va sport to‘garaklari bor. O‘qishni istaganlar uchun barcha eshiklar ochiq.
Maktab, ustozlar bilan xayrlashish juda og‘ir. Lekin oldinda bizni yangi dovonlar kutmoqda.
Omina RIXSIBOYEVA