“Xazinalar oroli”ga sayohat
Toshkent viloyati “Turon” axborot-kutubxona markazi kitob javonlarida bugungi kunda asrlar nafasi ufurib turgan bir-biridan qadrli kitoblarni ko‘plab uchratasiz. Ularni ko‘rib chindan hayratlanasiz. O‘zingizni xuddiki xazinalar oroliga tushib qolgandek his qilasiz. Eh-he, bu kitoblar nimalar haqida hikoya qilmaydi, deysiz. Ilmiy tafakkuringizni, dunyoviy bilimingizni oshiribgina qolmay, tarix zarvaraqlariga muhrlangan yuzlab, minglab haqiqatlardan so‘z ochadi. Go‘yoki sizni qiynayotgan, o‘ylantirayotgan ko‘plab muammolaringizga yechim topadi. Yangi, yaxshi do‘stlar topib beradi. Xullas, mazkur ziyo maskani fondida 400 mingdan oshiq kitoblar saqlanadi. U hamisha kitobxonlar bilan gavjum. U yerda bir guruh o‘quvchilarni uchratib, axborot-kutubxona markazi xizmati, kutubxonada tashkil etilgan adabiy uchrashuv haqidagi taassurotlari bilan qiziqdim.
– Kutubxonaga qilgan bugungi sayohatimiz menga judayam yoqdi. Bu yer haqiqiy xazina. Bir so‘z bilan aytganda, kutubxonani “xazinalar oroli”ga qiyoslagim keldi. Necha yillik gazeta va jurnallarning saqlanayotganligidan, kitobxon o‘quvchilarga yaratilgan qulay sharoitlardan hammamiz quvondik. Bolalar shoiri Olqor Damin bilan bo‘lgan uchrashuv ham yodimizda qoldi. Sinfimizda ko‘p kitob o‘qish bo‘yicha “Oltin baliq” tanlovi o‘tkazilayapti. Har gal ustozimizga o‘qigan ertak, hikoyalarimizni aytib bergach, baliqchamiz tangasi bittaga ko‘payadi. “Oltin tanga”larini ko‘paytirish uchun sinfdoshlarim bo‘sh vaqtlarida faqat kitob o‘qiydigan bo‘lishdi. Oramizda 200 ga yaqin ertak va hikoyalar o‘qigan o‘quvchilar ham bor. Ustozimiz kitobga bo‘lgan mehrimizni ko‘rib, bizni shu kutubxonaga olib kelganidan barchamiz xursandmiz, – deydi Zangiota tumanidagi 44-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Nigina Xurramova.
Haqiqatan ham, viloyat axborot-kutubxona markazi yoshlar ma’naviyatini oshirishda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Har bir kitobxonga kerakli ma’lumotlarni topib berishda yordamini ayamaydigan kutubxonaning jonkuyar, fidoyi xodimlaridan kitobxonlar mamnun.
– Kutubxonamizda 1816–1950-yillarda chop etilgan gazeta-jurnallar va yagona nusxadagi kitoblar saqlanmoqda. Ularning sifati buzulmasligi uchun bir xil yorug‘lik tushadigan, harorati o‘rtacha bo‘lgan xonalarga joylaganmiz. Hozir kutubxonamiz a’zolari soni 4000 ga yetgan. Yagona nusxadagi kitoblardan kutubxonaning o‘zida foydalaniladi. Kitobxonlarga yettita bo‘lim xizmat qiladi. Bolalar bo‘limidagi badiiy kitoblar soni 60 mingdan oshgan, – deydi kutubxona xodimi Mayna Rasulova.
Yoshlarning kitobga bo‘lgan mehrini oshirish maqsadida o‘quvchilar o‘rtasida “Buyuk va muqaddassan, mustaqil Vatan”, “Adabiy tuyg‘ular timsoli”, “Ikki buyuk daho”, “Mangulikka daxldor siymo” mavzularidagi kitob ko‘rgazmalari va “O‘tmishi sharafli – ertasi porloq”, “Kitobim – oftobim”, “Kitob – ma’naviyat beshigi”, “Kitob – qalb gavhari” kabi adabiy kechalar, zakovat o‘yinlari o‘tkazib kelinmoqda.
– Maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda ko‘chma kitob, gazeta-jurnallar ko‘rgazmasi tashkil qilganmiz. Ommaviy tadbirlar o‘tkazganimizda o‘quvchilarning talab va istaklarini o‘rganganligimiz sababli kutubxonaga ko‘proq o‘quvchilarni jalb qila olayapmiz. Shoir, yozuvchilar bilan uchrashuvlarda o‘quvchilar o‘qigan kitoblari, ijodiy mashqlari haqida gapirganda, iste’dodli yoshlarimiz ko‘pligidan quvonamiz. Kutubxonamizda “Bobom-buvim, otam-onam va men” tadbiri tez-tez o‘tkazilgani bois kitobxon oilalarimiz soni ham sezilarli darajada oshdi. Yana kitobxonlarni ko‘paytirish uchun barcha maktablarda “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” deb nomlangan kitob marafoni o‘tkazildi. So‘nggi paytlarda yangi kitoblar dizaynidagi rang-baranglik, yangiliklar ham o‘quvchilarni mutolaaga bo‘lgan qiziqishini oshirmoqda, – deydi axborot-kutubxona markazi bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Tursimatova.
Kitobni o‘ziga yaqin do‘st bilgan insonning hayot yo‘li kitob sahifalaridek mazmunga boy va yorqin bo‘ladi. O‘ylaymizki, buni anglagan har bir o‘quvchi kitob o‘qishni o‘zining sevimli mashg‘ulotiga aylantirib boradi va “Turon” axborot-kutubxona markazi singari “xazinalar oroli”ni izlab topadi.
Iroda UMAROVA