Xoh ishoning, xoh...
Bugun zamon jadal rivojlanayotgan, inson tafakkuri nihoyatda charxlanib, olamshumul yangiliklar yaratayotgan bir paytda sayyoramizning qayeridadir hali ham ibtidoiy jamoa davridagidek fikrlab, o‘shanday og‘ir sharoitda yashayotgan, olamga o‘zgacha ko‘z bilan qarayotgan odamlar borligiga ishonasizmi? Ishonmaysizmi?! Bekor qilasiz. Shunday qabilalar bor. Afsuski, ular yo‘qolib ketish arafasida.
PAKANA VAORANILAR
Vaorani bu – qabilaning nomi. Sharqiy Ekvador o‘rmonlarida yashashadi. Ularning bo‘yi boshqa mamlakatlardagi odamlar bo‘yidan ancha past. Eng xushqomat, novcha vaoranining bo‘yi 154 sm, ayollariniki esa erkaklarnikidan bir qarich past. Napo va Kuraray daryolari oralig‘ida yashayotgan qabilada 4000 vaorani tirikchilik qiladi. Ular tashqi dunyo bilan aloqa qilishdan cho‘chishadi shekilli, sokin o‘rmonda imi-jimida kun kechiradi. Lekin taraqqiyotni tan olgan ba’zi qabiladoshlar qishloqlarga ko‘chib kelib binoyiday yashashyapti.
QUSHMI YOKI ODAM
Mabodo Indoneziyaning Papua provinsiyasi janubi-sharqiga borib qolsangiz, daraxtlar ustidagi ajabtovur uylarga ko‘zingiz tushadi. O‘shanda tepadagi bunday ulkan in(uy)da qanday maxluq yashaydi, deb hayron bo‘lmang. Bu antiqa uylarda korovay yoki kolufo qabilasiga mansub odamlar yashaydi. Ular o‘z uylariga novdalardan yasalgan zinalar orqali chiqishadi. 1970-yilgacha ular Yer yuzida o‘zlaridan boshqa odamlar ham borligini bilishmagan. Bugungi kunda daraxt uylarda 3000 korovay istiqomat qiladi, degan taxminlar bor. Ular ham juda omi emas. Oralarida bir necha kishi o‘qish-yozishni o‘rganib olgan.
SAHROYI QABILA
Tsaatanlar – ko‘chmanchi xalq. Ular Chingizxon avlodi. Asosiy kasbi chorvachilik. Ular kiyik boqishadi, shu bois hamisha o‘tovlarda yashashadi. Ular sayyohlarga o‘zlari yasagan hunarmandchilik mahsulotlarini sotishadi. Qiziqqanlarni qayiqda sayr qildirib, pul topishadi. Hukumat ularni o‘troq hayot kechirishga ko‘p bora chaqirganiga qaramay, ana shunday darbadar cho‘l-sahrolarda yashashni ma’qul ko‘rishadi. Ko‘chmanchilarni uzoq-yaqinga olib boruvchi transporti – kiyiklar. Tsaatanlar qadrdon kiyiklarining sutidan pishloq va smetana tayyorlab sotishadi.
Muhabbat HAMIDOVA tayyorladi