Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xorazmiyning zukko vorisi

Urganch shahrida ilk marta talabalar o‘rtasida matematika fanidan Muhammad al Xorazmiy nomidagi I Xalqaro olimpiada o‘tkazildi.

Unda dunyodagi 20 davlatning 56 universiteti talabalari o‘zaro kuch sinashdi. G‘oliblar orasida O‘zbekiston milliy universiteti matematika fakultetining 4-kurs talabasi, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi Sardor BOZORBOYEV ham bor.

Sardor bundan avval ham bir necha bor xalqaro va jahon fan Olimpiadalari oltin medallarini qo‘lga kiritgan. Biroq bugun butun dunyo foydalanyotgan hisob-kitob amallari, zamonaviy texnologiyalar faoliyati qoidalariga asos solgan buyuk alloma sharafiga bag‘ishlangan Xalqaro olimpiadada qatnashish uning uchun juda hayajonli bo‘ldi. Chunki vatandosh bobong ruhi oldida, senga umid va ishonch bilan qarab turgan hamyurtlaring nigohini va albatta, g‘alaba qozonishing shartligini his qilish mas’uliyati juda katta edi.

U ko‘ksida porlayotgan oltin medalni avval bag‘riga bosdi, keyin ko‘zda yosh bilan uni o‘pdi. Xayol esa uni mashaqqatli ammo sharafli yo‘lga yetaklagan so‘qmoqlarda kezdi.

 

Ushalgan orzu

Sardor maktabga bormasidan avval o‘qish-yozishni bilib olgandi. Qanday deysizmi?

Sardorning onasi Zulfiya opa Gurlan tumanidagi 10-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. Uning darsxonasidagi javonlar kitob bilan to‘la. Zulfiya opa ataylab rasmli ertak kitoblarni javonning eng pastiga – Sardorning bo‘yi yetadigan joyga taxlar edi. Sardor bu kitoblarni qo‘liga olib uzoq-uzoq tikilib o‘tirar, garchi o‘qishni bilmasa-da, rasmga qarab nimalarnidir hikoya qilardi. O‘g‘lidagi bu qiziqishni sezgan Zulfiya opa unga o‘qish-yozishni astoydil o‘rgatishga kirishdi. Eng qizig‘i, u o‘qishga borgach onasining sinfiga qabul qilindi.

Sardor 4-sinfda o‘qiyotganda boshlang‘ich sinflar o‘rtasida viloyat miqyosida o‘tkazilgan olimpiadada 1-o‘rinni egalladi. Otasi 6-sinfda uni Gurlan tumanidagi maxsus fanlarga ixtisoslashgan 40-maktabga o‘qishga olib bordi. Maktab joylashgan Mullajuma qishlog‘i Sardorlarning qishlog‘idan 12 chaqirim olisda edi. Buning ustiga transport ham yo‘q edi. O‘n bir yoshli bolakay maktabga velosipedda qatnay boshladi. Ammo yog‘in-sochinli, izg‘irinli kunlarda velosiped haydash oson emasdi. Sardorning qo‘llari, oyoqlari sovuqda qotib qolardi. “Ota, u maktabga bormayman, qiynalib ketdim. Yaxshisi, o‘zimizning maktabda o‘qiyveraman”, dedi u bir kuni ertalab.

– Iye, hali shu qiyinchilikdan cho‘chiyapsanmi? Sen o‘g‘il bolasan. Hali hayotda juda ko‘p sinovlarga uchraysan. Bu mashaqqatlar seni hayotga tayyorlaydi, irodangni mustahkamlaydi, – dedi O‘rinboy aka.

Sardor uyalib ketdi. Qaytib bu haqda og‘iz ochmadi. Maktabda esa matematika o‘qituvchisi Yusufboy Boltayev Sardorni ko‘nglidan o‘tayotganlarini sezganday yoniga chorladi. “O‘g‘lim, senda matematikaga layoqat kuchli. Xudo xohlasa, sen fan olimpiadalari g‘olibi bo‘lasan”, dedi. Bu gaplar Sardorning ko‘nglidagi orzuni alangalatib yubordi. U televizorda Qorako‘l tumanidagi litsey o‘quvchilarining Xalqaro olimpiadalarda bronza, kumush medallari sohibi bo‘lganini ko‘rgan, men, albatta, shu Olimpiadaning oltin medalini olaman, deb ahd qilgandi-da.

Ana shu niyatda u mashg‘ulotlarga astoydil kirishdi. Har yili tuman, viloyat bellashuvlarida, olimpiadalarida qatnashib, bilimini oshirib bordi. 9-sinfda o‘qiyotganida Bog‘ot tumanida O‘zMU qoshidagi S. Sirojiddinov nomli litsey direktori, fizika-matematika fanlari nomzodi Qahramon Ibodullayev ustozi Ilhom Otajonov xotirasiga bag‘ishlab matematikadan viloyat olimpiadasini o‘tkazdi. G‘oliblar esa Qahramon aka rahbarlik qilayotgan litseyga imtihonsiz qabul qilinar ekan. Bu olimpiadada ham Sardorga omad kulib boqdi. To‘g‘risi, bundan Sardor unchalik ham xursand bo‘lmadi. Shu choqqacha qishlog‘idan, ota-onasi bag‘ridan chetga chiqmagan bola birdaniga olis shaharga borib yashashni tasavvur qilolmasdi.

Biroq mustaqil O‘zbekiston tarixida xalqaro matematika olimpiadasida birinchi marta bronza va kumush medallarini qo‘lga kiritgan iste’dodli matematik Umid Rahmonovning darslarini tinglagach, fikri butunlay o‘zgardi. Umid akaning har bir mashg‘uloti Sardorni matematikaning cheksiz-chegarasiz sirli olamiga yetaklardi. 2015-yilda Sardor respublika fan olimpiadasida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 2016-yil Tailandda o‘tkazilgan 56-Butunjahon fan olimpiadasida esa bronza medali sohibiga aylanib dunyo olimlari nazariga tushdi. Chunki u eng kam yechilgan masalani o‘ziga xos yo‘l bilan hal qila olgan edi. Ushbu masala muallifi serbiyalik olim Sardorga medalni topshirayotib, bu masalani nega bunchalik aniq yecha olganingni bilaman. Chunki sen mashhur matematik alloma al-Xorazmiy vatandoshi ekansan. Men ana shu buyuk alloma tafakkuri oldida hamisha bosh egaman. Va yana bir narsadan xursand bo‘ldim, demak, buyuk olimning chirog‘i o‘chmabdi, uning o‘ziga munosib avlodlari bor ekan, – dedi.

Bu e’tirofdan Sardor qattiq hayajonlandi va Xorazmni dunyoga tanitgan alloma bobosiga munosib voris bo‘lishga ahd qildi.

Biroq Tailanddagi muvaffaqiyat Qozog‘istondagi Jautikov nomidagi xalqaro bellashuvda uni tark etdi. Bu esa faqat g‘alaba qozonishga o‘rganib qolgan Sardor uchun qattiq zarba edi. Hatto o‘qishni tashlamoqchi bo‘ldi. Shunda otasi unga yana dalda berdi.

– Agar har doim ham yutuqqa erisaversang, uning qadri qolmaydi. Muvaffaqiyatsizlik seni hushyorlikka, o‘z faoliyatingdan qoniqmaslikka, ko‘proq izlanishga undaydi, – dedi.

Sardor otasi o‘gitiga amal qildi. O‘z ustida tinmay ishladi. Darvoqe, Sardor faqat yakshanba kuni televizor ko‘radi. Shunda ham asosan, futbol bellashuvlarini. U asosiy vaqtini kutubxonada kitob o‘qib yoki xonada kompyuter qarshisida o‘tkazadi.

– “Agar internetdan to‘g‘ri foydalana olsangiz, u eng yaxshi ustoz deydi, – Sardor, – men matematiklar uchun maxsus mathlinks.ro saytidan foydalanaman. Bu saytda butun dunyo yoshlari, matematik olimlari o‘z yangiliklari, misol va masalalarini e’lon qiladi. Ba’zan uning yechimlarini ham ko‘rsatadi. Ingliz tilida bemalol gaplasha olganim uchun, bu saytdan to‘la foydalana olaman. Balki muvaffaqiyatlarim garovi mana shu saytdir.

Ana shu tinimsiz izlanishlar, ustozi akademik Azim Asadullayev ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlar uni yana g‘alabalar sari yetakladi. U ketma-ket ikki yil (2017–2018-yillarda) Rossiyada o‘tkazilgan Xalqaro fan Olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi.

Ustozlari izidan borib kam bo‘lmagan Sardor Bozorboyev bugun o‘zi ham shogirdlar tayyorlayapti. U qadrdon litseyida matematika to‘garagi tashkil qilgan. Natijalar chakki emas. Shogirdlari Qozog‘istondagi Xalqaro Jautikov olimpiadasida, Gongkongdagi Butunjahon olimpiadasida bronza, kumush medallarini qo‘lga kiritdi. Bu yil respublika fan olimpiadasida to‘garak a’zolari Doniyor Matyoqubov birinchi, Davrbek Oltiboyev ikkinchi o‘rinlarni egallashdi. Yana bir shogirdi Maftuna Samadboyeva Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Xalqaro fan olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritib Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

O‘rganish va o‘rgatishdan charchamayotgan Sardorning orzulari bir olam. U Xalqaro olimpiada ishtirokchilari uchun maxsus kitob yozyapti. Hademay, onlayn jurnalini ham tashkil qiladi. Universitetni tugatgach esa chet elda malaka oshirib, ustozi akademik Azim Asadullayev kabi o‘z milliy maktabiga asos solish, vatandoshi al-Xorazmiyga munosib olim bo‘lish.

Sardor Xorazmdan ana shunday orzular bilan qaytdi. Biz irodali, iqtidorli do‘stimizga ezgu maqsadlari ro‘yobini tilaymiz.

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.