O‘quvchi dars qoldirsa
Abdulloh akasining to‘yi sabab 3 kun maktabga bormadi. Oradagi uzilish uni sinfdoshlaridan, o‘qishdan birmuncha sovutdi. Nazarida, darslar ham zerikarlidek tuyuldi. Har qancha harakat qilmasin, mavzularni tushunishga qiynaldi. A’lo baholari soni kamaydi. Buning uchun ustozi va ota-onasidan tanbeh eshitdi. Sababsiz dars qoldirish, vazifalarni tayyorlamaslik qanday oqibatlarga olib kelishini tushundi. Chunki har bir dars mavzusi bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekan. Bir soat dars qoldirgan o‘quvchi keyingi mavzuni o‘zlashtirishga qiynalarkan. Tengdoshingiz Abdulloh esa mavzularni yaxshi o‘zlashtirish uchun endi darsdan keyingi mashg‘ulotlarga qoladigan bo‘ldi. Ustoz va sinfdoshlari yordamida uy vazifalarini tayyorlash unga oson kechmadi.
Sarvar, Abdullohning sinfdoshi:
– Abdulloh maktabga kelmagani sabab uyga berilgan topshiriqlarni bajarishga qiynaldi. Ustozimiz darsdan keyin uni yoniga olib qoldirgan mavzularini birma-bir tushuntirdi. Vazifalarni bajarishga qiynalganda bizdan yordam so‘rashini tayinladi. Odatda hamma yumush va darslarimni tugatgach, mahalladoshlarim bilan futbol o‘ynayman. Maydonga shoshib turganimda, do‘stim uy vazifasini bajarishga yordam so‘rab kirdi. U bilan birga yana dars stoliga o‘tirishga erindim. Osongina ko‘chirib olishi uchun daftarimni bermoqchi bo‘ldim. Ammo ko‘p dars qoldirib hammadan ortda qolayotgan Abdullohga barchamiz birdek yordam bersak, u yana a’lochilar safiga qaytishini o‘yladim. Koptok tepishdan ko‘ra do‘stim bilan dars qilishni afzal bildim. Hozir ikkimiz har kuni o‘tilgan mavzularni birgalikda takrorlayapmiz.
Xadicha Orifjonova, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 44-maktabning 4-sinf o‘quvchisi:
– Men maktabga bora boshlaganimdan buyon sababsiz dars qoldirmaganman. Qo‘shimcha dars va mashg‘ulotlarda kechgacha yursam ham toliqmayman. Ba’zi to‘polonchi sinfdoshlarim darsdan qochishga va kechikib kelishga odatlangan. Ustozim sababini so‘rasa arzimagan bahonalarni o‘ylab topadi. Ustozga yolg‘on gapirgani yetmagandek, dars yarmida kirib bizni ham chalg‘itadi. Darslarni qunt bilan tinglamagach, topshiriqlarni bajarishda qiynaladi. Yil yakunida esa olgan baholaridan uyaladi. Ustozimiz “Agar vazifani vaqtida tayyorlamasangiz, mavzularni diqqat bilan tushunib olmasangiz, bu xatoingiz doim sizga pand beradi”, deb ko‘p aytadi. Shuning uchun darslarga vaqtida borishga harakat qilaman. Ota-onamga ham kundaligimni ko‘rsatishga uyalmayman.
Darsga kirmay, maktabga bormaslikka sabab qidiradigan o‘quvchilarning baholari pasayibgina qolmay, ularda dangasalik, atrofdagilarga nisbatan loqaydlik paydo bo‘larkan. Agar siz maktabning namunali o‘quvchilaridan biri bo‘lishni istasangiz, nimalarga e’tibor berishingiz zarur. Bu haqda pedagog va psixologlar fikri bilan qiziqdik.
Nigora Shomurodova, psixolog:
– Qadrli o‘quvchilar, siz ustozlaringizdan o‘rganganingiz kabi sinfdoshlaringizdan ham ko‘p narsalarni bilib olasiz. Tengdoshlaringizdan biri duradgorlikni yaxshi bilsa, boshqasi musiqa asboblarini chaladi. Yonida bo‘lganingizda, albatta, sizga ham bilganlarini o‘rgatishga harakat qiladi. Demak, bir kun maktabga bormasangiz, darslarni tushunmay qolasiz, o‘rtoqlaringiz bilan orangizdagi masofani uzoqlashtirasiz. Vazifalarni bajarishda mas’uliyat bilan yondoshmaysiz. Sinfdosh va ustozlaringizning sizga bo‘lgan ishonchini yo‘qotasiz. Yuqori sinfga o‘tganingiz sari darsliklar ko‘payadi, mavzular biroz qiyinlashadi. Shunday paytda arzimagan sababni ro‘kach qilib, maktabga bormaslik bahonasini qidirasiz. Vaziyatdan oson qutulish yo‘lini axtarasiz. Afsuski, bu holat o‘zini oqlab, ahvolingizni yengillashishiga yordam bermaydi. Aksincha, ketma-ket yig‘ilgan vazifalarni qisqa muddatda tayyorlash qiyinchilik tug‘diradi. Ko‘pchiligingizning ota-onangiz qo‘l telefoni olib berib, darsda qatnashayotganingizni nazorat qilmoqchi bo‘ladi. Aslida uyali aloqa vositasidan hamma to‘g‘ri foydalanadi, deb o‘ylamayman. Musiqa eshitib yoki ijtimoiy tarmoqlarga ulanib dars qoldirayotgan tengdoshlaringiz ham talaygina. Bunday holatlardan yiroq bo‘lish uchun ortiqcha narsalarga chalg‘imay, darslarda davomiy qatnashsangiz, baholaringiz a’lo bo‘ladi. Yoningizdagi do‘stlaringiz safi ortadi.
Nigora Gadoyeva, Samarqand shahridagi 68-maktab o‘qituvchisi:
– Biz qiziqishlaringizni vaqtida ilg‘ab, maktabingizda tashkil qilingan to‘garaklarga jalb qilamiz. Vazifani to‘liq bajara olmasangiz-da sizni rag‘batlantirib turamiz. Ba’zida oxirgi darsga borib charchab qolasiz. Bunday paytlarda darsga jalb qilib, mavzuni to‘liq tushunishingiz uchun turli so‘z o‘yinlari orqali ham mashg‘ulotlar o‘tamiz. Darsda hamma o‘quvchi faol qatnashishi, dars qoldirishiga sabab topilmasligi uchun psixologik testlar orqali sizlarning talab va takliflaringizni ham inobatga olamiz. Yaqinda sinfimning a’lochi o‘quvchilaridan biri ko‘p dars qoldiradigan odat chiqardi. Bundan xavotirlanib, onasi bilan suhbatlashganimda farzandi oxirgi paytlarda ko‘proq ma’lumotlarning kompyuterdan olayotganini aytib qoldi. O‘quvchimning darslarga sustlashganini asl sababini bilgach, u bilan suhbatlashdim. Gaplarimdan to‘g‘ri xulosa chiqargan o‘quvchim internetdan o‘rinli foydalanish kerakligini tushundi. Hozir u ko‘p vaqtini kutubxonada o‘tkazayapti.
Demak, dangasalik qilib uy vazifalarini tayyorlamaydigan, maktabga bormaydigan o‘quvchilar vaziyatdan qutulish uchun yolg‘on gapirishga, vaqtini behudaga sarflashga odatlanarkan. Agar ustoz va ota-onangizning o‘gitlariga quloq tutib besabab dars qoldirmasangiz, yo‘lingiz ravon va muvaffaqiyatlarga boy bo‘ladi.
Iroda UMAROVA