Bolalikning beg‘ubor ovozi
Kerakli raqamlarni terganimdan so‘ng telefon ortidan yosh qizaloqning ovozi eshitildi. “Buvingizni chaqirib bera olasizmi?” degan savolimga qizaloq, “Qaysi buvimni”, deya ajablandi. “Svetlana Murodxo‘jayevaga qo‘ng‘iroq qilayotgandim”, desam, “Bu menman, o‘zimman”, degan quvnoq ovoz eshitildi...
Ha, bolajonlar bugun siz bilan 76 yoshida ham bolalarcha beg‘ubor ovozini saqlab qolgan, butun dunyoga mashhur bo‘lgan “Bembi” filmida quyoncha va bo‘ri, “Sohibjamol va maxluq”da sehrlangan piyolacha – Chip, “Pingvincha Lolo”da sho‘x va tinib-tinchimas Lolo, shuningdek bir qator multfilm va badiiy filmlarning takrorlanmas va ajoyib qahramonlarini o‘zbekcha gapirtirgan mahoratli san’atkor, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi, Ozbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Svetlana MURODXO‘JAYEVAning bolalik olamiga sayohat qilamiz.
Birovning “bola”si
Men 1942-yilda Toshkent shahrida tug‘ilganman. Bolaligim Navoiy ko‘chasining Baland masjid mahallasida o‘tgan. Mahallamizda juda ko‘p san’atkorlar – Mahmudjon G‘afurov, E’tibor Jalilova, Saodatxon Qobulova kabi iste’dodli ijodkorlar istiqomat qilishardi. Biz bolalar kelajakda ulardek taniqli inson bo‘lishni orzu qilardik.
Oilada besh farzand – uch o‘g‘il, ikki qiz edik. Oilaning kenjatoyi, eng erkatoyi bo‘lganim uchun dadasining tizzasidan tushmaydigan arzandagina qiz edim. Otam – Qodirxo‘ja Murodxo‘jayev tibbiyot xodimi bo‘lsa-da, san’atga mehri bo‘lakcha edi. Har kuni ishdan qaytgach, bizga chang, nay, dutor sozlarida musiqa chalib, qo‘shiq aytib berar, biz opam bilan kuyga raqs tushardik.
Maktabda o‘tkazilgan barcha tashkiliy ishlarda faol ishtirok etardim. Ayniqsa, kichik sahna asarlarida turli xildagi obrazlarni mahorat bilan ko‘rsatishga harakat qilardim. Tanaffus vaqtida sinfdoshlarim atrofimni o‘rab olishar, teleekran orqali namoyish etilgan badiiy filmlardagi qahramonlarning qiyofasiga kirib, ko‘rsatib berishimni iltimos qilishardi. Men film qahramoniga aylanib, goh kulib, goh yig‘lab, gohida qo‘shiq aytib berardim. Dugonalarim maroq bilan kulishar, ta’sirli, mahzun dialoglarni eshitib yig‘lab olishardi. Hozir shu damlarni juda sog‘inib, qo‘msayman.
Tashqi ko‘rinishim oq-sariq, sochlarim mallatob, ko‘zlarim ko‘kish, ustiga-ustak ismim ham Svetlana emasmi, ko‘pchilik meni rus bo‘lsa kerak, deb o‘ylardi. Bir kuni dugonalarim bilan uyga avtobusda qaytayotgandik. O‘zbek tilida gapirayotganimni ko‘rgan uch-to‘rtta ayol menga ajablanib qaradi. Ulardan biri, qoramag‘izdan kelgani menga imo qilib, “Urush vaqtida ota-onasi vafot etgan bo‘lsa, o‘zbek oilalardan birortasi farzandlikka olgan bo‘lsa kerak-da”, dedi. Shu gaplarni eshitdim-u bo‘g‘zimga bir nima tiqildi. Avtobusdan tushgach, dugonalarim bilan ham xayrlashmay, uyga yugurdim. Xayolimda uyimiz shunchalar uzoq tuyuldiki... Darvozadan kirishim bilan onamni chaqirdim. Hovli to‘ridagi tandir oldidan “Ha, bolam”, degan ovoz zo‘rg‘a eshitildi. Onamning yoniga yugurib bordim-da, “Oyijon, men kimning bolasiman?” deb so‘radim. Ikki yuzi issiqdan qizarib ketgan onamning butun fikr-u xayoli tandir ichidagi nonlarda edi. Faqat “Hozir bolam, hozir”, deb takrorlardi. Demak, eshitgan gaplarim rost ekan, degan o‘ydan xo‘rligim keldi. Uyga yugurib kirdim-u ho‘ngrab yubordim... Onam ishlarini tugatgach, yonimga keldi va namli ko‘zlarimga qarab “tinchlikmi?” deb so‘radi. Men bo‘lgan voqeani aytib berdim. Shunda onam qo‘limdan ushlab oynaning qarshisiga olib bordi-da, yuzini yuzimga tekkizib, “Endi oynaga yaxshilab qara, kimga o‘xshar ekansan?” dedi. Diqqat bilan razm solsam, onamga juda o‘xshar ekanman. Quvonchimdan onamni mahkam quchoqlab olganman...
Ikki oliygoh talabasi
Onam – Rahbarxon Murodxo‘jayeva juda o‘qimishli, aqlli, mulohazali ayol bo‘lgan. Shu yoshimgacha u kishining o‘gitlariga amal qilib keldim. Onam doimo “Birovning dilini og‘ritish – gunoh. Qo‘lingdan kelgancha atrofingdagilarga yaxshilik qilgin, yaxshilik qilolmadingmi, yomonlik ham qilmagan”, deb uqtirar edi.
Onamning hikoya qilishlaricha, akam garchi juda yosh bo‘lsa-da ko‘ngillilar safida urushga bormoqchi bo‘lgan. Ammo unga “Hali kichkinasan”, deb ruxsat berishmagan. Lekin akam o‘z bilganidan qolmasdan qochib ketgan. Onam akamdan yomon xabar kelib qolmasin, deb yurak hovuchlab yashagan ekan...
Urush qiyinchiliklari paytida o‘ziga to‘q oilalar uylaridan ortgan nimaiki bo‘lsa, hammasini frontdagilarga yordam tariqasida jo‘natishardi. Shunda onam “Menga xalqim tinch, bolalarim sog‘-omon bo‘lsa bo‘lgani”, deb o‘zining hamma tilla taqinchoq, tillaqosh, zebugardonlarini berib yuborgan ekan. Onamning duolari ijobat bo‘lib, akam sog‘-omon qaytib keldi va o‘qishni tamomlab, uzoq yillar shifokor bo‘lib ishladi.
Hozir shuni teranroq anglayapmanki, oila poydevori uchun mehr-muhabbatning o‘rni beqiyos ekan. Ota-onamning o‘zaro hurmati, bir-birini asrab-avaylashi hali-haligacha ko‘z oldimda. Otamning vafotidan so‘ng oilamiz ham iqtisodiy, ham ma’naviy tomondan qiynala boshladi. O‘shanda men 13 yoshda edim. Uyimizda ko‘plab talabalar ijarada turishar, onam ularga o‘z farzandidek mehribonchilik qilar, beminnat mehr-muhabbatini ko‘rgan bolalar onamni “oyijon” deb chaqirishardi. Uyimizda har kuni katta qozonda ovqat qilinar, men “Juda ko‘p pishiryapsiz, biz kamchilik bo‘lsak, ortib qoladi-ku”, desam, onam “Musofir bolalarimga ham beraman. Ular ham issiq ovqat yeyishsin. Axir ota-onasidan uzoqda bo‘lishsa”, derdi...
Maktabda badiiy gimnastika va akrobatika mashg‘ulotlariga muntazam qatnashardim. Yengil harakatlarimni ko‘rgan ustozim raqs maktabiga borib o‘qishimni maslahat bergan. Ammo onam “Uzoq yo‘lga qanday borib kelasan? Uyda mening yumushim ko‘p bo‘lsa. Qo‘yaqolgin, qizim”, deb ruxsat bermadi.
Sport bilan shug‘ullanish jon-u dilim edi. Bu esa onamga yoqmasdi. Akrobatika, badiiy gimnastika musobaqalarida doimo faxrli o‘rinlarni egallardim. Shunday paytlarda onam quvonar, lekin cheksiz xavotirlarini bosa olmasdi.
Bir kuni akrobatika mashg‘ulotida sherigim meni ko‘taraman, deb qo‘lidan tushirib yubordi. Qattiq zarb bilan tushganimdan oyog‘imni qimirlatolmay qoldim. Murabbiyim meni zudlik bilan shifoxonaga olib bordi va singan oyog‘imni gips qildirib, uyimga ko‘tarib olib keldi. Ahvolimni ko‘rgan onam “Nima degandim-a-a, sen qizga, gapimga kirmading”, deb rosa koyidi...
Men umrbod balerina bo‘lishni orzu qilganman. Mana hozirgacha, musiqani o‘yinda tasavvur qilaman. Biror musiqa eshitsam, balerinaning raqs harakatlari ko‘z oldimga keladi...
Maktabni tamomlab, uydagilarning xohishi bilan tibbiyot texnikumiga hujjat topshirdim. Oradan bir necha kun o‘tib hujjatlarimni qaytarib olib, Pedagogika institutining jismoniy tarbiya fakultetiga topshirdim va imtihonlardan o‘tib, o‘qishga qabul qilindim. Sababi, sportga bo‘lgan mehrim baribir ustunlik qildi. Onam,”Axir hammamiz tibbiyot sohasida ishlasak, sendan yaxshi shifokor chiqardi”, deb juda xafa bo‘lgan. Ertalabdan kechgacha mashg‘ulotlar bilan band edim. Faqat uchinchi bosqichda o‘qib yurgan yilim ko‘richak bo‘lib qoldim. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng ma’lum muddatga jismoniy mashqlarni bajarish mumkin bo‘lmadi. Harakatsizlikdan zerika boshladim. Yaqin dugonalarim Toshkent san’at va rassomlik institutining kechki bo‘limida o‘qishardi. Ularni ko‘rgani tez-tez borib turardim va dars soatlarida ham qatnashardim. Bora-bora menda bu dargohda ta’lim olish ishtiyoqi tug‘ildi. Dugonalarim qiziqishimni ko‘rib ustozi Anatoliy Kobulovdan meni imtihon qilib ko‘rishini iltimos qilishdi. Imtihon paytida monolog, masal, she’r o‘qib berdim. Diqqat bilan tinglagan domla, “Seni uchinchi kursga qabul qilaman, dugonalaring bilan birga o‘qiyverasan”, dedi. Shunda men, “Yo‘-o‘-o‘q, o‘qisam, birinchi kursdan o‘qiyman. Axir shuncha qiziqarli dars va mashg‘ulotlarni boy berishim mumkinmi?” dedim. Anatoliy Kobulov menga hayrat bilan qarab, “Unda o‘zing bilasan”, dedi... Men jismoniy tarbiya fakultetidan hujjatlarimni qaytarib olmoqchi bo‘ldim. Shunda murabbiyim “Bu yo‘ling noto‘g‘ri. O‘qishing tugashiga bir yilgina qoldi. Hujjatlaringni qaytarib berolmaymiz. Avval bunisini tugat, keyin boshqasiga borarsan”, dedi. Fikrim qat’iyligi sabab Toshkent san’at va rassomlik institutidan voz kecha olmadim va kechki fakultetga o‘qishga kirib, birato‘la ikki oliygohda o‘qiy boshladim.
“Jasur chumchuqcha”
O‘qishni tamomlaganimdan so‘ng Yosh tomoshabinlar teatriga ishga keldim. Teatrdagi guruhimiz bilan tez-tez viloyatlarga safarlarga borib, spektakllar namoyish etardik. Shunday safarlarning birida Rasul Hamzatov asariga ishlangan “Tog‘ qizi” spektaklida bosh qahramonning rolini ijro etdim. Pyesa bo‘yicha voqea so‘ngida qahramon qiz vafot etishi kerak edi. Spektakl yakunida butun zal jim-jit bo‘lib qoldi. Tushunib bo‘lmas sukunat cho‘kdi. Parda yopilganidan keyin yarim soat tanaffus e’lon qilindi. Spektakldan so‘ng raqs dasturimizni namoyish etishimiz, unda ham men raqsga tushishim kerak edi. Qo‘shiq musiqasi boshlanishi bilan zalga yuzimni ko‘rsatmay, orqa holat bilan sekin o‘ynab chiqdim. O‘tirgan tomoshabinlarga qarab yuzimdagi ro‘molni ko‘tarishimni bilaman, butun zaldagilar qarsak chalib, “Tirik, tirik. O‘lmagan ekan”, deb qiyqirib yuborishdi. Ayrimlari xursandligidan o‘rnidan turib rosa raqsga tushdi. O‘shanda xalqimizning naqadar ishonuvchan, sodda, mehribonligini his qilib, san’atning kuchidan hayratda qolgandim.
1964-yil “O‘zbekfilm” kinostudiyasida o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etdim. Unda 750 ta qatnashchidan 25 kishi saralab olindi. Qabul qilinganlar orasida men ham bor edim. Shundan so‘ng aktyorlar studiyasiga a’zo bo‘ldim va shu yerda o‘n bir yil ishladim. Filmlarda bosh qahramon rolini ijro etish uchun sinovlarga chaqirishar, dialoglarni mahorat bilan ijro etib bersam-da, “Afsuski, tashqi ko‘rinishi o‘zbek qiziga o‘xshamas ekan”, deb kichik-kichik epizodlarni topshirishardi. Shunday kunlarning birida ovoz yozish studiyasida “Jasur chumchuqcha” nomli multfilmdagi chumchuqchaga ovoz berdim. Bu ish menga shunchalar maroqli, shunchalar zavqli tuyuldiki, hech ikkilanmay ovoz yozish studiyasiga o‘tib ishlay boshladim. Kinostudiyada 44 yil faoliyat olib bordim...
Suhbatdosh Nilufar JABBOROVA