Yurt istiqboli uchun
Qadrli o‘quvchilar, xabaringiz bor yaqinda O‘zbekiston respublikasi Prezidentining mamlakatimizning fidoyi va mard o‘g‘lonlarini munosib rag‘batlantirish to‘g‘risida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash qarori e’lon qilindi. Bu mukofot kimlarga beriladi?
U yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faollik ko‘rsatib, o‘zining bilim va iqtidori, halol va samarali mehnati bilan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy, shijoatli, yurt ravnaqi va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan umidli yoshlarga beriladi. Bu yil “Mard o‘g‘lon” mukofotiga xalqimizning 28 ta ana shunday yoshlari sazovor bo‘ldilar. Ular orasida maktab o‘quvchilari – ya’ni sizning ham tengdoshlaringiz borligi bizni behad quvontirdi. Ulardan biri Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 75-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Abdumalik Abdusalimovdir. U shaxmat bo‘yicha xalqaro musobaqalarda ishtirok etib yurtimiz sharafini himoya qildi. Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda Abdumalik 16 yoshgacha shaxmatchilar orasida ikkinchi, umumiy hisobda esa 7 ochko bilan 6-o‘rinni band etdi. Xalqaro turnirning rapid bahslarida esa u 6,5 ochko bilan 10-o‘rinni egalladi. E’tiborlisi, Abdumalik yosh bo‘lishiga qaramay, xalqaro grossmeysterlar Konstantin Land va Dmitriy Kamorovni mag‘lub etishning uddasidan chiqdi.
Shunindek, shu yili Tailandning Chaingmay shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 16 yoshgacha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Abdumalik Abdusalimov 35 nafar sportchi orasida oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Yana bir tengdoshingiz Ibrohimjon G‘afforov Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 4-maktabning 8-sinf o‘quvchisi. U O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyat kengashi qoshidagi iste’dodli yoshlar guruhi sardori.
Ibrohimjon Navoiyda o‘tkazilgan “Navoiylik yosh g‘azalxonlar” ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lib, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritgan edi... Shundan so‘ng u joriy yil 2-mart kuni Yurtboshimizning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘z bilimdonligi bilan Prezident nazariga tushdi va Xatirchi tumani hokimligi faollar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari unga “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini berishi to‘g‘risida aytgan edi.
Mukofotlanganlar orasida kasb-hunar kolleji, akademik litsey o‘quvchilari ham bor. Ular haqida biz jurnalning keyingi sonlarida ma’lumot beramiz.
Yaxshi o‘qish, intilish, izlanishlar uchun qilingan harakatlar hech qachon besamar ketmaydi. O‘ylaymizki, bu yigitlar hamisha rivojlanayotgan mamlakatimizning eng jasur, mard, zarur bo‘lganda, ayniqsa, hozirgidek shiddatli o‘zgarishlar yuz berayotgan pallada yurt uchun yelkasini tutib beradigan ishonchli, fidoyi o‘g‘lonlari bo‘lib qoladilar.
Zahro Hasanova