Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sichqoncha sarguzashtlari

Kitobning nomini o‘qib qiziqib qoldingiz-a?! “Sichqonchaning qanday sarguzashtlari bor ekan?” degan savol ham tug‘ildi, to‘g‘rimi? “Sichqoncha sarguzashtlari” – ertak doston bo‘lib, unda tirishqoq sichqonchaning xasta onasining sog‘ayib ketishi yo‘lida amalga oshirgan jonbozliklari hamda boshiga tushgan sinovlarni qanday yenggani qiziqarli tasvirlanadi.

Bolalar shoiri Turob YUSUFning ushbu to‘plamidan Vatan, ona tabiat va beg‘ubor bolalikning o‘ziga xos ajib dunyosi aks etgan turli mavzularda bitilgan she’rlari o‘rin olgan.

Quyida shoirning kitobiga kirgan she’rlardan namunalar o‘qiysiz.

 000

 

Ona tilimiz

 

Ajib ona tilimiz –

Bizning jon-u dilimiz.

Uni bilmasak bekor

Bor olgan bilimimiz.

 

Yuksaklikka ketgan yo‘l

Dilimizdan boshlanar.

Bor bilim, asli, ona

Tilimizdan boshlanar.

 

Ona tovuqqa

 

Zarb berib qayta-qayta

Mushukni ham yiqasan.

Burgutga ham bas kelib,

Dadil qarshi chiqasan.

 

Jo‘jalaring bo‘lmasa,

Bu jasorat bo‘lmasdi.

“Ona tovuq” degan nom

Senga to‘g‘ri kelmasdi.

 

Bezori bolalar

 

Bor shunaqa bolalar,

Qush iniga tosh otar.

Ular o‘zi qanaqa? –

Tushunmasdan bosh qotar.

 

Esing bo‘lsa, bu ishni

Keltirma hech o‘yingga.

Ne qilarding, birovlar

Tosh yog‘dirsa uyingga?

 

Oftobga savol

 

Tongdan oltin nurlaring

Har tomonga yoyasan.

Tiriklik tog‘idagi

Juda ulkan qoyasan.

 

Nur-yog‘dung tig‘day o‘tkir,

Tikilsak, ko‘z yoshlanar.

Har yangi kun nechun sen

Uxlaganda boshlanar?

 

Uyg‘oq bulutlar

 

Yasab kema o‘xshovin,

Suzib yurar bulutlar.

Ayg‘ir otday tushovin

Uzib yurar bulutlar.

 

Qo‘zg‘alar tog‘-qirliklar,

Shiddatdan to‘xtamaydi.

Uxlab yotar yerliklar,

Bulutlar uxlamaydi.

 

Quvvat manbai

 

Kitob – oqim, duch kelib,

Aqlimizni shoshirgay.

Ong – ariqqa kuch berib,

Qirg‘og‘idan toshirgay.

 

Shu jihatdan olganda,

Qurshalgan har tomonim.

Daryo, ko‘l, okeanga

To‘la kitob javonim.

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.