Ohangaronlik kurashchi
Qurolli Kuchlar faxriysi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Iskandar RAHMONning siz bolalar uchun harbiy-vatanparvarlik mavzusida ko‘plab nazmiy va nasriy asarlari e’lon qilingan. Qator she’rlariga kuy bastalanib, xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangan qo‘shiqlar yaratilgan.
Ijodkorning sahifada muqovasi aks etgan “Olovli yillar yodi” to‘plami Vatanimiz ozodligi, shon-shuhrati, istiqloli va istiqboli yo‘lida janglarda, front ortida mardlik, jasorat namunalarini ko‘rsatgan turli yosh va kasbdagi yurtdoshlarimiz haqida. Kitobda ularning bosib o‘tgan ibratli hayoti aniq dalillar, misollar asosida hikoya qilinadi.
O‘ylaymizki, bu yodnoma siz o‘quvchilarni vatanparvarlik, burchga sadoqat ruhida tarbiyalashga, bugungi tinch, osoyishta, farovon kunlarimizning qadriga yetishga o‘rgatadi.
Urushdan so‘nggi og‘ir yo‘qotishlar va tiklanish davrlari edi. Odamlarning turmushi haminqadar o‘tar, ertangi tinch va farovon kunlarga ishonch, umidvorlik ularning qalbini bir lahzaga tark etmasdi. Biz bolakaylar bo‘sh vaqtlarimizda ko‘pincha kurash tushar, toshotar, chillak, bekinmachoq o‘ynardik. Oramizda Po‘lat o‘rtog‘imiz o‘zining o‘tkir zehni, betakror topqirligi, xushchaqchaqligi, nihoyatda harakatchan, tinib-tinchimasligi, uddaburonligi bilan boshqalardan ajralib turardi.
Po‘lat Jo‘rayev tug‘ma kar-soqovligi tufayli o‘sha paytlarda O‘zbekistonda tashkil etilgan kar-soqovlar jamiyati tasarrufidagi maxsus kasb-hunar maktabida o‘qidi, duradgorlik kasbini egallab, korxonada ishlar, ayni paytda jismoniy tarbiya va sportning eng og‘ir turi bo‘lgan yunon-rum, erkin kurash bilan shug‘ullanardi. Tirishqoqligi sabab u qisqa fursatda sport ustasi unvoni talablarini bajardi, 1968-yili 28 yoshda mamlakat chempioni bo‘ldi, 52 kilogrammgacha vaznda bir necha bor chempionat oltin nishonlarini qo‘lga kiritdi. 1972-yili Eron, 1974-yili Fransiya, 1978-yili Shvetsiya, 1981-yil Germaniya, 2001-yili Italiya, 2004-yili Bolgariyada bo‘lib o‘tgan sport musobaqalarida faol qatnashib, oltin medallar sohibi bo‘ldi. 1973-yili Shvetsiyaning Malmyo shahrida kar-soqovlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan XII olimpiada o‘yinlarida qatnashdi.
Qizi Dilbarxonning yordami bilan qilgan o‘zaro suhbatimiz chog‘ida Po‘latjon Shvetsiyadagi tengsiz kurash taassurotlari bilan bajonidil o‘rtoqlashdi.
– O‘sha turg‘unlik davrlarida O‘zbekiston farzandi ekanligimni hech kim bilmasdi. O‘zbeklardan birinchi marta ikki karra olimpiada chempioni sifatida shohsupaga chiqqanimda O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilmadi, uning madhiyasi ijro etilmadi. Menga rosa alam qildi, ko‘kragimni to‘ldirib yig‘lagim, hayqirgim keldi, ammo ovozim chiqmasdi, dardim ichimda qoldi. Endi ahvol butunlay boshqacha, havasing keladi kishi. Ayniqsa, o‘zbek milliy kurashining jahon miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalar dasturidan mustahkam o‘rin olgani, Vatanimiz vakillarining qo‘lga kiritayotgan ulkan zafaridan faxrlanmay bo‘ladimi? Bular yurtimiz ozodligi va hurligi mevasi.
Ayni paytda yetmish besh yoshdan oshib, oila a’zolari, hamkasb shogirdlari, yaqin do‘st-qadrdonlari davrasida shukronalik bilan yashayotgan tajribali murabbiy, ismi jismiga monand, irodasi po‘latdek bukilmas va mustahkam, sport ustasi, o‘zbeklardan birinchi ikki karra olimpiada chempioni bo‘lgan shunday fidoyi insonlar, faxriy murabbiylar borligidan astoydil quvonamiz!