- Rukn: Sheʼrlar
- 5837 marta ko‘rilgan
Abdurahmon Akbar sheʼrlari
Bolalarning sevimli shoiri Abdurahmon Akbar hayot bo‘lganida 60 yoshga to‘lardi. U qisqa umri davomida bolalar ko‘ngliga manzur bo‘ladigan, mavzusi hech qachon eskirmaydigan o‘nlab kitoblar yozishga ulgurdi. Uning quvnoq she’rlarini ko‘plab avlodlar sevib o‘qiyveradi. Bu asarlar shoirning ikkinchi umri bo‘lib yashashda davom etmoqda.
Norning orzusi
Hofiz, shoir, olim, aktyor...
Qisqasi, yon qo‘shnim Nor,
Buyuk bir zot bo‘lmoqlikka
Ayladi azm-u qaror.
Buyuk bo‘lish oson emas –
So‘zlamoq lozim mayin.
Yugur-yugur, chop-choplarga
Ko‘milmoqlik ham tayin.
Hali yig‘in, hali majlis,
Hali qator uchrashuv.
Hali safar taraddudi,
Hali jonli ko‘rsatuv...
Orzusiga yetmoq uchun
Boshlab yuborgan ishni –
Mashq qilyapti shu kunlarda
U suratga tushishni.
Musicha
Necha kunki, ahvol shu:
O‘zini bosar arang –
To‘rtta xasni bo‘g‘otga
Qo‘ndira olmay garang.
Musichaning holiga
Achingan ko‘p, kulgan ko‘p.
Yerga tushar tuxumi
Ko‘zdan tomgan yoshdek bo‘p.
Tumshuqda loy iylagan
Qaldirg‘ochlar chayqar bosh:
– Hasharga aytsang bizni
Bo‘lardi-ku, qarindosh...
Varrak qoʻshigʻi
Qanotsiz ham ucha olaman,
Osmonlarni qucha olaman.
Varrak emas,
Men yosh do‘stimning
Yuragiman – asov bolaman.
Hafsalangga balli, qadrdon,
Shamol, senga tashakkur ming bor.
Salom, Quyosh,
Salom, Ona-yer,
Salom, Navro‘z,
Salom, Navbahor!