- Rukn: Sheʼrlar
- 712 marta ko‘rilgan
Oymomojon, qoʻy uxlay…
Ukam shirin uyquda,
Singlim orom olmoqda.
Akam Said “xur-xur”lab,
Mayin xurrak otmoqda.
Mening ko‘zimda esa,
Eh, uyqudan darak yo‘q.
Derazadan oymomo,
Imlar meni ko‘zi lo‘q.
Gaplashaman xayolan,
Kulcha oymomo bilan,
Mars tomon yo‘l olaman
Raketada daf’atan.
Qani Zuhro yulduzin,
Ipga bog‘lab olsam-a.
Maktabga ham bormasdan,
Olim bo‘lib qolsam-a...
Hamma ta’zimda turib,
– Salom, ustoz! – deyishsa.
“Masala”ni yashirgan
Gulnor-u Xol kuyishsa...
Domlamiz Ma’mur Sulton,
– Xizmat bormi? – deb tursa.
Hu, a’lochi Mirzoqul
Soyam bo‘lib yugursa.
...Oymomojon ketaqol,
Tong ham otib bormoqda,
Xomaki xayollarim
Xo‘p hakalak otmoqda.
Hakka
Hakka, hakka, dam olishga,
Yo‘qmi, biror fursating?
Bilolmadik shu kunlarda,
Oshib ketdi g‘ayrating?
– Chog‘roqqina yong‘oqzorni
Ijaraga olganman.
Shundan beri yugur-yugur,
Tashvishli bo‘p qolganman.
Hashar emas osharga...
– Allo, allo, Mirvali!
– Allo, tinchlikmi, Malik?
– Maktabimiz bog‘ida,
E’lon bo‘lgan shanbalik.
Belkurak, chelak bilan
Hasharchibop bo‘lib kel.
Iloj bo‘lsa, hissam deb,
Uch-to‘rt ko‘chat olib kel.
– Nima, nima, takrorla...
– Shanbalikka, hoy ovsar.
– Tushunmayapman, allo,
Nima deding, bir qaytar.
– Kar bo‘ldingmi, hov anqov,
Shanbalikka! Shanba – ish!
– Allo, puf... puf, bu telefon...
Ovozing buncha xish-xish?
– Allo, allo, muzqaymoq,
Yaxshisi “Bahor”ga o‘t.
– Ha, ha, endi tushundim,
Ketyapman, o‘rtoqjon, kut!
Egamnazar Sohibnazarov