- Rukn: Sheʼrlar
- 3042 marta ko‘rilgan
Buyuk Amir Temur monologi
Bag‘ishlab suyukli elga Turonni,
Tangrim lutf etdi so‘ng Sohibqironni.
Dedi: “G‘animlarga o‘lja tarqoq el,
Birlashtir yurtingni, yech muammoni”.
Jon fido etib men, qilib shijoat,
Ayladim uch qit’a ulusini zabt.
Moziyning sarg‘aygan sahifasiga
Zeb bermish men qurgan azim saltanat.
Bilursiz siz meni, men qurganlarni,
Ezgu ishlar sari yuz burganlarni.
Adolat hukmini o‘qib yurganim,
Uyg‘onish davriga g‘isht terganlarni.
Kengashdim, mashvarat qildim har ishda,
Mardlar menga yo‘ldosh edi yurishda.
Yurt sha’ni uchun ot surgan o‘g‘lonlar
Bel bog‘lab, bo‘ldilar menga payvasta.
Yaqinim yo‘qotib qilsam-da bardosh,
Askardan ayrilsam ko‘zdan oqar yosh.
Men yonib yashadim, kuydi ag‘yorlar
Otashim taftiga berolmasdan dosh.
Sohibi qudrat ham el g‘amin yemish,
Azizlar, siz borsiz, ruhda osoyish.
Fursatni boy bermang, ey dilbandlarim,
Sizga eshik qoqib keldi Uyg‘onish.
Rauf Hasaniy