- Rukn: Sheʼrlar
- 1095 marta ko‘rilgan
Zamira Ro‘ziyeva sheʼrlari
Anjir
Ostim ko‘l-u ustim cho‘l
Bo‘lmay qolsa ranjirman.
Bir gullamay ikki bor
Hosil berar anjirman.
Barglarim katta-katta,
Yalpoq qushdek bo‘ladi.
Tog‘orada mevamga
Yashil to‘shak bo‘ladi.
Tanam qishning sovug‘in
Suymaydi, sovqotaman.
Qish kelsa, yer ko‘rpaga
O‘ranvolib yotaman.
Ko‘klam ko‘rpamni ochib,
Uyg‘otib qo‘ysa bog‘bon.
Yoyib yana qulochim,
Ish boshlayman bearmon.
Nok
Niholimni ekkandan so‘ng,
Olti yil ko‘z tikkandan so‘ng
Asta hosil beraman men,
O‘z qadrimni bilaman men.
Lampochkani ko‘rganmisiz,
Shakldoshmiz bilsangiz, biz.
Xos mevalar ichra borman,
Dasturxonda obro‘dorman.
Kim sog‘ bo‘lsin desa yurak,
Nokdan yeb-yeb turish kerak.
Yongʻoq
Men yong‘oqman, yong‘oqman,
Shaqur-shuqur quvnoqman.
Baland bo‘lar daraxtim,
Oftobga juda yoqdim.
Pishguncha to‘nim yashil,
So‘ng qattiq qobiqdaman.
Mag‘izing qani, demang,
Tuynuksiz yopiqdaman,
Bolg‘acha urib asta,
Qutqarishsa qafasdan,
Rahmat aytib yayrayman,
Meni yeng, deb qarayman.
Likobda ko‘rimliman,
Shirmoyday to‘yimliman.
Qo‘shib yesa mayizga,
Yoqaman har og‘izga.
Tut bargi
Sen kimsan, deb chalg‘itmang,
Balx tutning bargiman.
Rangim yashil va yupqa,
Ipak qurtga ozuqa.
Bu qurt meni xush ko‘rar,
To‘yib yeb, pilla o‘rar.
Undan amma, xolalar,
Olar kumush tolalar.
Bu tolalar serhavas,
Bo‘lar adras-u atlas.