- Rukn: Sheʼrlar
- 797 marta ko‘rilgan
Naima ANVAROVA sheʼrlaridan
Qoʻrquv
Ko‘p o‘ynadik ko‘chada,
Suv sepib, quvib.
Endi uyga kirolmay,
Turibmiz ivib.
Toʻngʻiz va fil
– Buncha burning uzun fil,
Ixcham emas mendayin?
– Buni xartum deydilar,
Gapirma-da, bilmayin.
Ishimiz koʻp
– Bo‘ldi, uxlang bolalar,
Chiroqqa ham bering dam.
– Dam oladi qachonki,
Dilshod olib kelsa sham.
Antiqa javob
– Ne sabab tush chog‘ida,
Hech uxlamaysan, Furqat?
– U vaqt muzlatkich bilan
Qizib ketadi “suhbat”.
Yarador dakang
– Bugun tongda qichqirmading,
Senga nima bo‘ldi, dakang?
– Eh, so‘rama, kecha jangda
Yaralanib kelgan akang.
Afsus
Mayna boqar uzumga:
– Juda yoqdi ko‘zimga.
Olay desam to‘ri bor,
Cho‘qib qochish ham dushvor.
Ishtaha
– Shuncha uzum qani Xol?
Qolibdi-ku shoxchasi.
– Mayiz bo‘lib bozorga,
Yo‘l olishdi kechasi.
Doʻl yogʻganida
– Ko‘cha juda sovuqmi?
Men bilan yurgin Rashid.
– Tashqarida qor emas,
Yog‘ayapti marvarid.
Uzum
Bir tupda bir dunyoday
Inoqlikda o‘samiz.
Qushlar talab ketmasa,
Uzum bo‘lib pishamiz.
Tanishuv
Murabbo uchun sozman,
Ba’zi joylarda ozman.
Turim ko‘p – mayda, yirik,
Nomim bilsangiz – o‘rik.
Naima ANVAROVA,
O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi