Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Ikki nazm sarboni

Ushbu sahifada Toshkent shahar Ma’naviyat va marifat markazi tashabbusi bilan yosh qalamkashlar orasida o‘tkazilgan Ikki nazm sarboni tanlovi ishtirokchilarining she’riy mashqlaridan e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

Koʻklam

Gullar, chechaklar yuzi

Porlar quvonchdan, nurdan.

Borliq bahordan yashnab,

Libos kiyibdi guldan.

 

Osmon tiniq, musaffo,

Esar mayin shabboda.

Gullarning iforini

Olib uchar havoda.

 

Maftuna TO‘LQINOVA,

Yunusobod tumanidagi

272-maktabning 9-sinf o‘quvchisi

 

Umid

Qalbda nedir alanga olgan,

Nazar solsam taraladir nur.

Tanish tuyg‘u! Axir umid – bu!

Yo‘l yaratgay – manzillar huzur.

 

Qalbimizga soya solsa g‘am,

Umid uchqun eltar kaftida

Va tuyular dunyo muhtasham –

So‘z yog‘ilar ko‘ngil kaftidan.

 

Do‘st, umid qil, chunki g‘olibday –

U zafarga chorlovchi mayoq.

Umid bilan g‘amdan olissan,

Umid bilan Xudo yaqinroq.

 

Shahzodabonu ABROROVA,

Bektemir tumanidagi

293-maktabning 10-sinf o‘quvchisi

 

Momoqaymoq

Erta bahor hovlimizda

Paydo bo‘ldi yaraqlab,

Go‘yo mitti quyoshchalar

Turar edi charaqlab.

 

Gir aylanib atrofida,

Maftun bo‘ldim ularga.

“Bosmanglar va uzmanglar” deb,

Aytdim kulchayuzlarga.

 

Ko‘kda quyosh bittagina,

Hovlimizda bir talay.

Qorovullab kuni bo‘yi,

Uzdirmadim har qalay.

 

Ular bilan xayrlashib,

Uyga kirdim kech mahal.

Tushlarimga kirib chiqdi,

Quyoshchalar galma-gal.

 

Tong otganda hovlimizga

Chiqsam, yo‘q quyoshchalar.

Ular o‘sgan o‘rinlarda

Tebranar to‘lin oylar.

 

Hovlimizda endi mehmon

Oymomo – oq parqutlar

Esgan edi mayin shamol,

Uchdi minglab yulduzlar.

 

Farangiz NISHONOVA,

Chilonzor tumanidagi

195-maktabning 9-sinf o‘quvchisi

 

Onajonim

Onajonim yagonam,

Qalbimdagi durdonam.

Mehr to‘la ummonim,

Hayotdagi posbonim.

 

Sizni ko‘rmasam bir zum,

Izlab qoladi ko‘zim.

Sog‘inchim ortar chandon,

Yaxshi ko‘raman jondan.

 

Aziza ASADULLAYEVA,

Uchtepa tumanidagi

296-maktabning 6-sinf o‘quvchisi

 

Navoiyni oʻqigim kelar

Xurosondan kelganda sado

“Xamsa” tilga kiradi go‘yo.

Yuragimda yangrar bir nido,

Navoiyni o‘qigim kelar.

 

G‘azal, doston, qit’a, ruboiy

Ijodkori Foniy-Navoiy.

Asrlardan yangrar sadosi

Navoiyni o‘qigim kelar.

 

Kelsa bahor, ko‘klamlar sayli

Goh Shirinman, gohida Layli,

Men erka qiz bo‘lsam-da mayli

Navoiyni o‘qigim kelar.

 

Aziza NURMAHAMATOVA,

Chilonzor tumanidagi

 101-maktabning 7-sinf o‘quvchisi

 

Vatan

Vatan, nazdimda sen, quyoshsan go‘yo,

Nurlarin beminnat sochib siylagan.

Gar quyosh bo‘lmasa ko‘ngil zim-ziyo,

Hech zog‘ ko‘z tikmasin, dunyo bo‘ylagin.

 

Vatan, nazdimda sen, zaminsan go‘yo,

Mehr-la sug‘orib so‘ngra undirgan.

Har qarich tuprog‘ing ko‘zga to‘tiyo,

Niholman – diliga orzu qo‘ndirgan.

 

Munavvar ERKINOVA,

Olmazor tumanidagi

 243-maktabning 10-sinf o‘quvchisi

 

Tilak

Navro‘zi olam keldi,

Ko‘ngil shodlikka to‘ldi.

Duoga ochaylik qo‘l,

Quyosh nur sochsin mo‘l-ko‘l.

Yurtimda tinchlik bo‘lsin,

Momolar yuzga kirsin.

Ona vatan bag‘rida,

Mehrni quchog‘ida,

Xalq xizmatiga tayyor,

Yashaylik shod, baxtiyor.

 

Xushnoza YO‘LDOSHEVA,

Yashnobod tumanidagi

 67-maktabning 7-sinf o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.