Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Akbarning tushi (“Ona yer sog‘inchi” dostonidan)

Oltin beshikmish osmon,

Yulduzlari – qo‘ng‘iroq,

Uxlar emish Akbarjon,

Kamalak emish qo‘lbog‘.

 

“Hulkar” esa ko‘ztumor –

Emish uning boshida.

Alla aytarmish bedor,

Onajoni qoshida:

 

“Dupur-dupur ot keladi, alla-yo!

Chiqib qarang, kim keladi, alla-yo!

Tulpori kishnab keladi, keladi,

Qamchini tashlab keladi, keladi,

Akbarjon o‘g‘lim keladi, alla-yo!”

 

Akbar: “Bu ne alla?” – der,

Orziqib ketar ko‘ngli:

Mast uyquda ona-Yer

Ko‘rinar yiroq, mungli!

“Shuncha-shuncha yil o‘tib,

Bu kuy ketgandi yitib,

Go‘dakligim uyg‘otib,

Osmonni nurday titib,

 

Bulutlarning ortida

Yetib keldi bu alla!

Sukunat qanotida

Yetib keldi bu alla!

 

Yerning go‘zal so‘zisan,

Yo‘ldosh bo‘l beshiklarga!

Sen hayotning o‘zisan,

Nasib qil eshiklarga!

 

O‘zga – baxtni his qilmoq,

Ko‘rmoq boshqa-boshqadir.

Yer beshigimdir, biroq

Osmon ishqi boshdadir!”

 

Oydin HOJIYEVA,

O‘zbekiston xalq shoiri

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.