- Rukn: Sheʼrlar
- 1738 marta ko‘rilgan
Tish cho‘tka, poroshok va atirsovun ertagi
Bo‘lib turinglar sergak,
Yozdim sizga bir ertak.
Yolg‘on emas – bo‘lgan gap.
Kimki ololsa payqab,
O‘shanga soz maslahat:
Esda tutsin hamma vaqt
Tozalikning foydasin.
Ba’zi bir qoidasin
Shu ertakda batamom,
Bir-bir ta’rif etaman.
Og‘aynilar, balki siz
Eshmatvoyni tanirsiz,
O‘qiydi uchinchida,
U bir hafta ichida –
Darsga boradi uch kun.
Qolgan kunlar ne uchun –
Borolmaydi maktabga,
Qolmasmi yomon gapga?
O‘sha Eshmatvoy salga
Yo‘liqadi kasalga.
Ahvol shunaqa chatoq,
Achinar har bir o‘rtoq.
Kasallikka ne sabab?
Sababin o‘ylab-o‘ylab,
Aniqlab bilib oldim.
Bildim-u, hayron qoldim.
Mayli, hozir Eshmatni
Yozmay turamiz bir oz.
O‘tkazmasdan fursatni
Sababin tekshirish soz.
Umivalnikda bir kun
Poroshok, cho‘tka, sovun –
Uchov suhbat qilishdi,
Voy-bo‘, rosa qizishdi.
Hidin sochib har tomon,
O‘tirardi sovunxon.
Har yon nazar tashladi,
Shunday deb so‘z boshladi:
– Sizga aytsam rostini,
Gapimning asosini,
Ancha go‘zaldir husnim,
Qarang, qip-qizil tusim.
Qani, menga siz ayting,
Bormi birorta aybim?
Chindir aytgan har so‘zim,
Asl narsaman o‘zim.
Ishqorim bor, yog‘im bor,
Bundan barcha xabardor.
Dushmaniman kir-chirning,
Gap uzaysa kechiring.
Tozalik – fikr-u yodim,
Atirsovundir otim.
Xizmatimga yarasha
Odamlar deydi: “Yasha!”
Men kerakman har kuni,
Yaxshi bilasiz buni.
Eshmat yetmas qadrimga,
Arzimni aytay kimga?
Qolib ketdim chang bosib,
Bu ish kimga munosib,
Eshmatni bir ko‘rsangiz,
Arzir undan kulsangiz.
Ovqat yesa erta-kech,
Eshmat qo‘lin yuvmas hech!
Ko‘ring, qanday yomon gap!
Bunga bo‘larmi chidab?
Tozadan kir joyi ko‘p,
Kirda bor talay mikrob.
Yaxshilab ko‘pirtirib,
Yuzi, qo‘liga surib,
Yuvib yursa bo‘lardi,
Undan ko‘nglim to‘lardi.
Sovunxon xo‘p ko‘pirdi,
So‘zlab bo‘lgach o‘tirdi.
Gapni tinglab, tish cho‘tka
O‘rnidan turdi tikka.
Soqolin silab, tarab,
Sovunxonga bir qarab
“O‘xo‘-o‘xo‘” yo‘talgach,
Qaddin yana ko‘targach,
Bir ozgina kerishdi
Keyin so‘zga kirishdi:
– Fabrikada men uchun
Do‘stlar sarflar o‘z kuchin.
Meni qilishdi tayyor,
Yashiklar keldi qator.
Shunda sevinib ketib,
Kattasiga lip etib
Tushdim-da, yotib oldim,
Yashikda jo‘nab qoldim.
Mashinalarda yeldim,
Aptekalarga keldim.
Mendagi manov qillar
Juda yaxshi ish qilar,
Tish va milkning kir-chirin
Sira qoldirmay barin,
Tozalab qo‘yar rosa,
Tozalik qanday soz-a!
Eshmatvoyga hayronman,
Tish pasta va men bilan
Tish yuvmaydi uch oylab!
Bizlar yurardik poylab
Uning tish yuvishini.
Eshmatning yurishini
Shu kunlarda bir qarang,
Ko‘rsangiz deysiz: “Attang!”
Qanday nodon bola u?
Bizlar shundoq foyda-ku!
Mana uch kundan buyon
Tishi og‘riydi yomon.
Yaxshi tutmas o‘zini
Bizning Eshmat har nafas.
Ota-ona so‘zini
Sira quloqqa olmas.
So‘zin tugatgach cho‘tka,
Tish pasta ham bir chetda
Cho‘tka so‘zin ma’qullab,
Ohista boshladi gap:
– Bo‘lsam-da ancha sodda,
Menda bor turli modda.
Men bilan tish yuvilsa,
Hidlanmas og‘iz sira.
Tish sadafday yarqirar,
Og‘izga maza kirar.
Uchovi uch tarafda
Bir martadan so‘zlashdi.
Eshmatvoyga har gapda
Yaxshilikni ko‘zlashdi.
Tish pasta, sovun, cho‘tka
Hikoyasin bir chetga
Endi yig‘ishtiramiz,
Eshmatdan gapiramiz.
Eshmat bir kun ertalab,
Bitta-bitta qadamlab,
Lunjiga ro‘mol boylab,
Sekin-sekin “Voy-voy”lab,
Onasi bilan birga
Yetib keldi doktorga.
Eshmat eshikni ochgach:
– Kirsam maylimi?” – dedi
Oq xalatli shifokor:
– “Keling-keling!” – der edi.
Ichkari kirdi Eshmat,
Keyin boshlandi suhbat.
– Tishingizni, ukajon,
Yuvganmisiz hech qachon?
Voy, yaxshi ish qilmabsiz,
Tishni hech tish qilmabsiz,
Pasta bilan cho‘tkalab,
Kechqurun-u ertalab
Yuvish bo‘lsin qoida,
Sizga bu faqat foyda!
Bo‘yningizga qarang bir,
Shuncha ham bo‘larmi kir!
Tushsangiz agar hammom,
Bo‘larsiz doim sog‘lom.
Ko‘pirtirib sovunni
Yuz va qo‘lni har kuni
Yuvish kerak erinmay! –
Deb berdi u maslahat.
Qizardi lavlagiday
Bu so‘zdan bizning Eshmat.
Eshmatni ko‘rdim kecha,
Endi ishlar boshqacha.
Har kuni turib erta
Gilam yozilgan yerda
Xo‘p zaryadka qiladi.
Uni ko‘rib qolsangiz
Havasingiz keladi,
Arzir o‘rnak olsangiz.
1957-yil
Po‘lat MO‘MIN,
O‘zbekiston xalq shoiri