- Rukn: Sheʼrlar
- 970 marta ko‘rilgan
Usmon Nosir
Men dunyodan ko‘z yummadim, yo‘q,
Dunyo yumdi mendan ko‘zini.
So‘zlar – kuragimga botgan o‘q,
Do‘stlar ayamaslar so‘zini.
Vatanim, men seni sevardim,
Kel, lablarim bosayin, tuproq.
Tuproq, sen bilarsan ne dardim,
O‘zim senga o‘xshayman ko‘proq.
Zamon, senga qo‘llarim kerakmi,
Oyog‘im kerakmi? Mana, ol!
Men bayroq qilganman yurakni,
U – dasturxon. Dasturxon – halol.
Yurtim, qora kiymagin zinhor,
Yig‘lama, bag‘rimni o‘yma.
Tug‘ilmagan Usmonlaring bor,
O‘shalarni boy berib qo‘yma!
Dunyo, ko‘zlaringda ne qayg‘u,
Yo anglab yetdingmi o‘zingni?
Men axir ko‘zimni yumdim-ku!
Sen endi ochdingmi ko‘zingni?!
Iqbol MIRZO,
O‘zbekiston xalq shoiri