- Rukn: Sheʼrlar
- 27524 marta ko‘rilgan
Oddiy muallim
O‘zbekiston Xalq shoiri Muhammad Yusuf juda ko‘plab taniqli shoir va adiblarni o‘ziga ustoz deb bilgan. Ular O‘zbekiston Qahramonlari – adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov, shoirlar Erkin Vohidov, Abdulla Oripov edilar. “O‘zi ustoz bo‘lar ustoz ko‘rganlar”, degan edi sevimli shoirimiz Erkin Vohidov. Muhammad Yusuf ham qator shoirlarga ustozlik qildi, yoshlarning boshini siladi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi. Bugun ham yosh ijodkorlar, endigina she’riyat olamiga qadam qo‘ygan, Muhammad Yusuf she’rlarini o‘qib undan ta’sirlangan, ilhomlangan qalamkashlarning bari shoirni o‘ziga ma’naviy ustoz deb biladilar.
Biz O‘qituvchi va murabbiylar bayrami o‘tayotgan kunlarda ustoz shoirni bir eslab o‘tishni joiz topdik. Shoirning quyidagi she’ri ham uning ustoz qadrini nechog‘lik teran anglaganidan dalolatdir.
Qadri bilinadi, menga endi goh,
Olis maktabimning o‘sha behasham,
Navoiy-ku, bizga ustozdir biroq,
Kimdir o‘qitgan-ku, Navoiyni ham...
Shunday buyuk zotga harf o‘rgatgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Tuproqdek xokisor bezovta jonlar,
Ammo qanoatda tog‘dek ulug‘vor.
Hatto Temurdayin sohibqironlar,
Pirim deb etagin o‘pgan zotlar bor.
Qaysar Jahongirga yo‘l ko‘rsatgan kim
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Yo‘qdan Beruniylar binolar qilgan,
Mashrabni mashhur-u dunyolar qilgan,
Husaynni ibn Sinolar qilgan,
Abdulloning tilin burrolar qilgan,
Ilon o‘ynatgandek so‘z o‘ynatgan kim
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Lekin bu hayot nish sanchiqlaridan,
Qoqilsa ko‘targan qo‘ltiqlaridan,
Otadek ezilgan g‘ussaga botsa,
Boladek quvongan yutuqlaridan,
Uyquda shogirdin o‘ylab yotgan kim?
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Ulfat ko‘p-u, ammo bir do‘sti hamroh,
Halim topolmadim, undan halimroq.
Qancha ustoz ko‘rdim, qancha oliygoh,
Olim topolmadim undan olimroq!!
Bola yuragimda bebaho tilsim
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
...Yuzga kiraman men, Xudo xohlasa,
Ehtimol yuzdan ham o‘tarman bir kun...
Qaynoq quchog‘iga hurlar chorlasa,
Hech kimdan qarz bo‘lmay ketarman bir kun.
Qolsa ham bir zotdan qoladi qarzim
Oddiy muallim-da, oddiy muallim!
Muhammad Yusuf,
O‘zbekiston xalq shoiri