- Rukn: Sheʼrlar
- 1076 marta ko‘rilgan
Erpo‘lat Baxt she’rlari
Vatanimga
O‘zbekiston, buncha ham
Chiroyga boy go‘shasan?
Kundan-kunga husningga
Yana husn qo‘shasan.
Seni desam, qush kabi
Ko‘kka uchgim keladi.
Buvijonim quchgandek
Mahkam quchgim keladi.
***
Asalariga nasixat
Asalari, asalsan,
Desam, ketding taltayib.
Boplab chaqib, qo‘limni
Qilay deding-ku mayib.
Nasihatga quloq sol,
Yurgil o‘pkangni bosib.
Asal - totli ne’mat-ku,
Bo‘l nomingga munosib.
***
Quyoshning tilagi
Quyosh rosa charchadi
O‘xshab ishchan xolamga.
Uyquga bosh qo‘ygach der:
“Xayrli tun olamga!”
***
Ahd
Tegirmondek shamol xo‘p
Shopiradi to‘rt yonni.
Tun qo‘ynida o‘rmonda
Hadik bosar Quyonni.
Qari to‘nka ustida
Qaltiraydi, qaqshaydi.
Har bir tovush Bo‘rining
“Uvv”lashiga o‘xshaydi.
Ahd qilar: “So‘yloqning
Joniga o‘t solaman;
Kirpi kabi sertikan
Po‘stin sotib olaman!..”
***
Shilqim shamol va bulut
Osmon toqi gumburlar,
Shamol zoldir o‘ynaydi.
Shilqim shamol bulutni
O‘z holiga qo‘ymaydi.
Bir shapaloq tortishga
Bulut haddi sig‘madi.
Alamini yutolmay
Uvvos solib yig‘ladi.
Yupatay deb Quyoshjon
Bir chekkada jonhalak.
Uning yurak mehrining
Aksi bo‘ldi kamalak.
Erpo‘lat Baxt