- Rukn: Sheʼrlar
- 2074 marta ko‘rilgan
Amir Temurning soʻnggi safari (doston)
Buyuk Turon davlatin
Sohibi Amir Temur
Yurtni birlashtiray, deb
Yashadi butun umr.
Bu gal Xitoyga yurish
Soʻnggiligin bilmas u,
Yoʻldagi azoblarga
Aslo parvo qilmas u.
Oʻtrorga yetganida
Ayoz esib, yogʻdi qor.
Amir farmon chiqarib,
Tunashga qildi qaror.
Kun botib, kech kirganda
Tezlashdi dovul, boʻron.
Askarlar chodir qurib,
Jon saqlar yoqib gulxan.
Sayxun daryo shov-shuvi
Orom bermas quloqqa.
Xayolingni buzardi,
Boʻlsa hamki yiroqda.
Joʻshib oqar edi u
Tutqich bermay sovuqqa.
Dur-u gavharlarini
Sochib qochar qirgʻoqqa.
Arslonbob koshonasi
Turar qorga belanib,
Goʻyo uning ustidan
Tushardi qor elanib.
Tushda koʻrib otasin,
Temur ketdi uygʻonib.
Padari gaplarini
Eslar yonib-oʻrtanib.
Vaqtini boy bermay deb
Tashqariga chiqdi u,
Chin davlatin goʻyoki
Bir zumda zabt etdi u.
Iloj qancha, nachora,
Maqsad sari intilar.
Voz kechmasdan yurishdan
Allohdan najot tilar.
Yodga tushar tush takror,
Darz ketdi dilda armon.
Yorugʻ dunyo koʻziga
Koʻrinardi zimiston.
Izlab kelgan yoriga
– Nechun kelding? – der sezib.
– Boqsam, oʻrinda yoʻqsiz,
Shamollar yursa kezib
Deb, keltirdim-da chopon.
Yelkaga tashlab turing,
Amirim, siz hamisha
Salomat boʻlib yuring.
Nechun buncha xomushsiz.
Ne dard qildi faromush? –
Soʻradi Bibixonim,
Shubhada yonib joni.
– Turon davlat bayrogʻin
Men koʻklarga koʻtardim.
Shunday boʻlsa, har qachon
Maqsadimga yetardim.
Xalq dedim, xalqim dedim,
Umrim oʻtdi tashvishda.
Mustahkam davlat qurish –
Bilursiz, ogʻir ish-da.
Xonim, bugun tong chogʻi
Gʻalati bir tush koʻrdim.
Taʼbirini topolmay,
Oʻzimni behush koʻrdim.
Qilichimni, otimni
Padarim olib ketdi.
– Yetar shuncha shon-shuhrat, –
Deb meni koyiy ketdi.
Saltanatni koʻtarding,
Yoʻl ochding ilm-fanga,
Ravnaq topib, el-u yurt
Mehri ortdi vatanga.
Qurildi rasadxona,
Madrasa, minoralar.
Havas qilar hattoki,
Koʻkdagi sayyoralar.
Agar barcha akobir
Qilsa sendek harakat,
El-u yurt behad yashnab,
Ortaverar barokat.
Soch-soqolga oq tushdi,
Yurishni toʻxtat, bolam.
Tilagim qabul etsang,
Shod boʻlardi onang ham.
Samarqand qad koʻtardi,
Sayqallashdi yana ham.
Jaholat, johillarning
Bariga berding barham.
– Shoshiltirmang, otajon
Hali juda ishim koʻp,
Oxiriga yetmagan
Yurish-u tashvishim koʻp.
Yassaviy, Bibixonim
Koshonasi bitgan yoʻq.
Peshtoqdagi bitiklar
Oxiriga yetgan yoʻq...
Otam qoʻlini siltab,
Tushib ketdi shu soyga.
Meni dogʻda qoldirib,
Bilmam ketdi u qayga.
– Tushlarning aksi boʻlgʻay,
Qoʻrqitmang, amirzodam
Valiahdlar oʻsishsa,
Gʻamxoʻr boʻlur bizga ham, –
Dalda berdi malika,
Garchi dilda tahlika.
Oʻtror ostonasida
Temurbek boʻldi xasta.
...Isitma-yu otashda
Yonardi Amir Temur.
Qilgan ulugʻ ishlari
Koʻzidan oʻtar bir-bir.
Chora izlab tabiblar,
Oʻtkazdi tunni bedor.
Lek aslo boʻysunmadi
Ajal otli u gʻaddor.
Sohibqiron jonini
Olib ketdi u battol.
El asl oʻgʻlonini
Koʻtargancha yelkaga,
Yoʻl oldi motam ichra
Kutayotgan oʻlkaga.
Yer yuzining sayqali –
Goʻzal poytaxt Samarqand
Oʻgʻlin bagʻriga oldi –
Dilida ming bitta dard.
Taxt boʻlgan Gʻoʻri amir
Nochor boqar mungʻayib...
Oʻn sakkiz ming olamning
Sarvarlari kelishdi.
Ulugʻ Sohibqironni
Soʻng manzilga qoʻyishdi...
Mangulikka daxldor
Inson aslo oʻlmaydi.
Jasurlarni hech qachon
Mahv qilib boʻlmaydi.
Asrlardan boʻy choʻzib,
Boqadi Sohibqiron.
Unga taʼzimda hamon
Koʻhna yurt – buyuk Turon.
Ernazar Roʻzimatov