- Rukn: Sheʼrlar
- 872 marta ko‘rilgan
“Arslonlardek sapchiydi baland”
Oliy burch
Burgut uchar moviy yuksakda,
Iz qoldirmay boʻshliqlar aro.
Bizlar qancha pastda yursak-da,
Iz qoldirmoq unga noravo.
Nahang suzar dengiz qoʻynida,
Iz qoldirmay toʻlqinlararo.
Girdoblarning shoʻx oʻyinida
Iz qoldirmoq unga noravo.
Bu oliy burch insonga nasib,
Tuprogʻi bor goh qattiq, goh chang.
Iz qoldirmoq boʻlar munosib
Yerda yursang va yerni sevsang.
Togʻ sharsharasi
Vagʻillaydi togʻ sharsharasi,
Chaqqonligi arslonga monand.
Yollari – oq, yolning sarasi,
Arslonlardek sapchiydi baland.
U bor, demak, oboddir togʻlar,
Sukunatning yoʻqdir sharpasi.
U bor, mangu hayotdir togʻlar,
Hayot demak – togʻ sharsharasi.
Yurtim
Sen dilbar yurtimiz, Oʻzbekistonsan,
Bugun olam uzra sen ham ardoqli.
Tugamas dafina, boylikka konsan,
Istiqlol tufayli boʻlding atoqli.
Ovozang tarqalib yetti iqlimga,
Senga boqmoqdalar koʻzlar havasmand.
Uzoq-uzoqlardan oʻzbek elimga
Karvonlar kelmoqda yuklar bilan band.
Yuklari – salomdir, yuklari – qoʻshiq,
Bu kun sen qoʻshiqqa yarashiq yersan.
Jamoling, kamoling kuylashar joʻshib,
Ayniqsa, biz uchun goʻzal taqdirsan.
Bu taqdir kelajak sanalar edi,
Oʻtmish asrlarda va yaqinda ham.
Bu baxtga intizor, qiynalar edi,
Yaqin-yaqinlarda buvim-u buvam.
Zafarga tayyormiz
Ne-ne tarixlarda sobir-u dono,
Qadimiy bu el ham topdi erkini.
Bogʻlari xazonsiz yashnar doimo,
Maqtasa arziydi husn-u koʻrkini.
Jang-jadal chogʻlari Oʻzbekiston ham
Fashizm zotiga keltirdi qiron.
Gʻalaba zavqini koʻroldi baham
Gʻoliblar qatori hur Oʻzbekiston.
Aminman, dogʻ tushmas doʻstlik shaʼniga,
Mehnat-u rohatlar oʻrtada bu kun.
Ne baxtdir, doʻst tursa doʻsti yonida,
Ushbu baxt yovlarni oʻrtadi bu kun!
Bunyodkor avlodmiz, qalbimiz qaynoq,
Moʻjiza yaratgan moʻjizakormiz.
Ertamiz boʻlsin deb yanada porloq,
Zafarli safarga yana tayyormiz!
Aziz Abdurazzoq