- Rukn: Sheʼrlar
- 1031 marta ko‘rilgan
“Bogʻchamdan hech qolmayman”
Bobomlar
Dovyurak, qoʻrqmas, botir,
Har ishda jasur, qodir,
Sadoqatli, bahodir –
Amir Temur bobomlar.
Soʻzlari ulugʻ hikmat,
Sarkorlari bermas pand.
Shahri maskan – Samarqand,
Amir Temur bobomlar.
Dovrugʻi tutgan olam,
Ruhlari bitgan nolam,
Baxtimni kutgan har dam,
Amir Temur bobomlar.
Bogʻchamdan hech qolmayman
Bu yil toʻrtga kiraman,
Kattalarday yuraman.
Boʻyim yetar tokchaga,
Qatnayman men bogʻchaga.
Bogʻcha opam Nozigul,
Soʻzi yaxshi, shirin til.
Ertak aytib beradi,
Meni yaxshi koʻradi.
Bor mening qoʻgʻirchogʻim,
Shodining bor toychogʻi.
Sasha fil minib oʻynar,
Saida qoʻshiq kuylar.
Shashka surar Javohir,
Xumoyun, Dilyor – mohir.
Doirani chalaman,
Uxlab dam ham olaman.
Bogʻchamdir gulzor, boʻston,
Musaffo baland osmon.
Zerikmayman, tolmayman,
Bogʻchamdan hech qolmayman.
Ona tilim
Navoiy, Qoshgʻariy soʻzisan,
“Qutadgʻu bilig”ning koʻzisan,
Yassaviy, Qodiriy oʻzisan,
Onajon, onajon, tilginam.
Jahongir Temurning qadami,
Ulugʻbek Koʻragon olami.
Muhammad, Boburning qalami,
Onajon, onajon, tilginam.
Fitratning, Usmonning yulduzi,
Choʻlponning “Kecha va kunduz”i,
Abdulla, Oybekning chin soʻzi,
Onajon, onajon, tilginam.
Umrim bor, qonim bor, yashaysan,
Orim bor, shonim bor, yashaysan,
Nurim bor, shaʼnim bor, yashaysan,
Onajon, onajon, tilginam.
Dilimning ziyosi, shuurim,
Elimning dunyosi, gʻururim,
Baxtginam quyoshi – sururim,
Onajon, onajon, tilginam.
Bahodir Oʻrinov