- Rukn: Sheʼrlar
- 1816 marta ko‘rilgan
Asraylik tabiatni
Tabiatdir onamiz, inson uning farzandi,
Nojo‘ya ishimizdan zirqirar band-u bandi.
Insoniyatni siylab, baxsh etgan tarovatni,
Onamizdek e’zozlab asraylik tabiatni.
Meva tutsa mehrla goh shoxlarin chopdik biz,
Yo‘q qilib o‘rmonlarni, o‘tin qilib yoqdik biz.
Toptadik, payhon etdik aziz bilmay ne’matni,
Jabr chekar yer-u ko‘k, asraylik tabiatni.
Yosh bolamas kattamiz, xatoligin bilamiz,
Bilib turib, afsuski yomon ishlar qilamiz.
Ko‘paytirmay ertaga afsus-u nadomatni,
Es-hushni yig‘ishtirib, asraylik tabiatni!
Ifloslab oqar suvni, tashladik axlatlarni,
Ichimlik suvi yetmay, yo‘qotdik rohatlarni.
Nahotki unutdik biz azaliy qadriyatni,
Har tomchisi hayot-ku, asraylik tabiatni!
Orol yig‘lar bag‘ri xun, qum sahrodan iborat,
Bormoqdadir o‘zgarib me’yor bilmas harorat.
Befarqlikka qo‘yib chek, to‘xtatib halokatni,
Kelajak avlod uchun asraylik tabiatni!
Bari noyob jonzotlar bizdan bezib ketdilar,
Tog‘-u toshni tark etib, dilni ezib ketdilar.
Achchiq bo‘lsa-da agar tan olib haqiqatni,
Yetkazmaylik aziyat, asraylik tabiatni!
Xazon yoqib to‘ldirdik osmon bag‘rin tutunga,
Ofatlarni oshirib, foyda qildik ayt, kimga
Ortib bormoqda dardlar, yo‘qotib halovatni,
Barchamiz bo‘lib yakdil asraylik tabiatni!
Rustambek TUROPOV