- Rukn: Sheʼrlar
- 589 marta ko‘rilgan
Ona tilim
Men bulbulman – o‘z tilida sayrab turgan,
Men duldulman – o‘z yerida yayrab yurgan.
Menga kelsin, mening o‘zbek tilim uchun –
O‘zin dag‘al tillarini qayrab yurgan.
Qani aytsin, qaysi tildan kamdir tilim,
Mening uchun iftixor ham sha’ndir tilim.
Temuriyman – turkiylarning bosh bo‘g‘ini,
Senda olam fasohati jamdir tilim!
Sen o‘zingsan alla bilan dilga tushgan,
Va ilk bora “ona” deya tilga tushgan.
Qoshg‘ariydan tortib barcha bobolarim –
Menga faqat til hikmatin o‘rgatishgan.
Shu til borki, shu el borki – men ham borman,
Tilin aziz bilganlarga do‘stman, yorman.
Qo‘lga qalam tutdim, demak ajdodlardan –
Avlodlarga so‘z tashuvchi dastyorman!
Madhing qilsam, ko‘ksim aro yonar dilim,
Kuylagayman, mayli toki qonar tilim.
Yashasam bas, sen-la seni senda kuylab,
Vatan tili, Otam tili, Ona tilim!
Orif TO‘XTASH