- Rukn: Sheʼrlar
- 456 marta ko‘rilgan
So‘z o‘yini
(turkum)
Kalla degani aql, fikr, o‘y ini,
Charxlab bersin deya har kim fikr-o‘yini,
Ona tilim bog‘idan men ham gul terdim:
Bolajonlarga bir dasta so‘z o‘yini...
***
BU QAYSI FASL?
Birpasda sochlarim ketdi oqarib,
Bobomdek qoldimmi men ham , o, qarib?
Yaxshiyam uy issiq, chopib kirdim-u
Birpasda yoshardim, boshdan oq arib.
***
ESKIRDI
Yap-yangi edi tuflim,
Tepib kiydim ataylab.
Loy-suvga, tuproq-changga
Botirmadim avaylab.
Tumshug‘i lang ochilib,
Choki ketdi, eskirdi.
Endi nima kiyaman,
Esiz tufli...es kirdi.
***
NIMA YOQADI O‘ZI?
– Sen yaxshisan! Aytgandim shunigina,
Ketdi qoldi, qilgancha shuni gina.
Qiz bolaga “yomonsan”, demayman-ku,
Sizga aytsam, g‘alati shu Nigina.
***
AYRILIQ
Kuchukchamiz yosh edi,
Bor-yo‘g‘i bir yosh edi.
O‘lib qoldi, jim bo‘ldik,
Ko‘zlar jiqqa yosh edi.
***
TUZLANISH
Ovqat qildi O‘g‘iloy,
Ovqatmisan zo‘r qipti.
Kecha tuzi past edi,
Bugun esa sho‘r qipti.
Dasturxon atrofida
Hamma unga yuzlandi.
Icholmadik, o‘ziyam
Ovqatidek “tuzlandi”.
***
KIMGA QANDAY?
Bahor yomg‘ir yoqqani
Maysaga eng yoqqani.
Chumoli der: – Bas, oftob
Chirog‘ingni yoq, qani...
***
QOSH QO‘YAMAN DEB
Nima qilsak yoqamiz,
Xazon yig‘ib yoqamiz.
Hovli toza bo‘ldi-yu,
Tutun ust-bosh, yoqamiz.
***
ORZU
Kallam bilimga, o, lim,
To‘lsa, bo‘lardim olim,
Dedi-yu, dars paytida
Uxlab o‘tirdi Olim.
***
YOMG‘IR YOQQANDA
Shiftdan sizib tomchilar,
Chak-chak etib tomchilar.
Xona hovuz bo‘p ketdi,
Qayerdasiz “tomchi”lar?
Ne’mat DUSHAYEV