- Rukn: Sheʼrlar
- 543 marta ko‘rilgan
Ona tilim
Ona tilim, jonim ichra shirin jonim,
Yetmish ikki tomirimda oqqan qonim,
O‘zing orim, o‘zing borim, pok iymonim,
Iymonimda ildiz otgan azim daraxt.
Navoiyni turk nazmida sulton etgan,
Ulug‘bekni olim ham toj osmon etgan,
Hindda Bobur armonini doston etgan,
Armonimda ildiz otgan azim daraxt.
Qoshg‘ariy-u, Xos Hojiblar ummonlari,
Uvaysiylar anor qalbin chistonlari,
Mashrab, Bedil yuragining vulqonlari,
Vijdonimda tomir otgan azim daraxt.
Alla bo‘lib jism-u jonga kirgan tilim,
Oq sut bilan pok iymonga kirgan tilim,
Qulfi dilni ochib qonga kirgan tilim,
Sen qonimda ildiz otgan azim daraxt.
G‘urur – qal’a bo‘lsa, posbon – ona tilim,
Qadr – osmon ersa, qalqon – ona tilim,
O‘zlik – vijdon desam, sen jon – ona tilim,
Jon-jonimda tomir otgan azim daraxt.
Cho‘lpon umid qushi – osor burgut o‘zing,
Ajdodlardan meros metin ko‘prik o‘zing,
Dunyodagi barcha tildan suyuk o‘zing,
Ona tilim, sen ulug‘vor, buyuk daraxt.
Shu daraxtda yaproq bo‘lmoq – men uchun baxt.
Dilsora NARZIYEVA,
Toshkent shahridagi
62-maktab o‘qituvchisi