- Rukn: Sheʼrlar
- 1330 marta ko‘rilgan
Ayajonimiz
Titrab yangrar edi ufqlar tongda,
Go‘zal kuylar edi ayajonimiz.
Bulutlar to‘lg‘anar edi osmonda,
Jajji yuraklarda – hayajonimiz.
Kuyni qari-qartang mukka tinglagan,
Bunda ojiz edi har qanaqa so‘z.
Urush mo‘ralardi qo‘lsiz yenglardan,
Yupun xirmonlardan bebaraka kuz.
Ayam ko‘kka qushday intilar edi,
Etagidan ushlab diydirardik biz.
Yashil kuzaklarda mo‘ltillar edi,
Chala qolgan kuydek bolaligimiz.
Bulutlar bezovta edi osmonda,
Jajji yuraklarda – hayajonimiz.
Dadamizni eslab shunday har tongda,
Mungli kuylar edi ayajonimiz.
Kuy bo‘lib uchmoqni qilardi orzu,
Dadamizni eslab shunday har tongda.
Ammo qanotlarin yozolmasdi u,
Chunki biz bor edik qanot ostida.
Asqad Muxtor