- Rukn: Sheʼrlar
- 879 marta ko‘rilgan
Ona degan soʻz
Yulduzlardan sirqilib shabnam,
Ufq bilan ko‘rishganda yer,
Oftobga kiprigim bilan
Ona so‘zin yozdim go‘yo she’r.
Amu oqar misoli bulut,
Ufq bo‘lib oqadi Amu,
Qirg‘og‘ini etsa ham unut,
Maysalarni unutmaydi u!
Har ko‘kat, har bargning nomiga
U eltadi tog‘lardan ta’zim,
Ona degan so‘zning yoniga
Chizgim keldi MAYSAning rasmin.
Kapalak rang. Bulbullar ohang
Kashfi bilan mast bo‘lgan lahza,
Ona so‘zin qavatiga man
Yozib qo‘ydim BAHOR deb asta...
Men jo etdim Ona nomiga
Yerni so‘nggi gardigacha to.
Endi Ona so‘zi yoniga
Dadil yozib qo‘yaman: DUNYO!
Men yulduz, deb uni kuylayman,
U Vatandir, U Arshi a’lo.
Men unga ming tashbeh o‘ylayman,
Yetkazurman millionga hatto...
Yerda lekin ming-minglab odam
Ona nomin bilsa muqaddas.
Urish degan birgina so‘zdan
Onalarni saqlay olur bas!
Omon Matjon