Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aytar ko‘hna qish ertak

Qish ertagi

Kapalakqor pirpiroq,

Shamollarga bir ermak.

Uchar to‘zg‘ib parquday,

Aytar ko‘hna qish ertak.

 

Tegram to‘lar oqlikka,

Bunday baxt yo‘q otliqqa.

Yo‘lim oppoq marvarid,

Qalb limmo-lim shodlikka.

 

 

Qarg‘a bilan Sa’va

Deraza tokchasida – qafasda,

O‘tiradi ipakoyim bir sa’va.

Tashqarida – qarg‘a, ushbu nafasda

Shoxdan-shoxga sakrab, yayrar, yo tavba.

 

Qish quyoshi boqar bulutlar aro,

To‘polonchi qarg‘a quvnaydi uchib.

Vahima qiladi o‘zicha darrov,

Sa’va sho‘rlik, issiq o‘rinda cho‘chib.

 

“Tashqarida – qishning izg‘irinida,

Qanday mumkin, bunday baxtiyor bo‘lish?”

Qarg‘a o‘ylar: bechora, chiroq issig‘ida,

Hech gapmas quyoshni unutib qo‘yish.

 

 

E’lon

Osmonga nima bo‘lgan,

Rosa tinmay yig‘ladi.

Uydan hech chiqolmadim,

Meni ipsiz bog‘ladi.

 

Oftob qayga berkingan?

O‘ylab-o‘ylab bilmadim.

Kun bo‘yi kutdim, ammo

Biron marta kulmadi.

 

Balki yig‘lamasmidi,

Oftob bola topilsa?

Diqqat! Chaqirvorsin kim

Qayda ekanin bilsa!

 

 

Navoiy

G‘azal mulkida sulton –

Faxrim, bobom Navoiy.

Ortar qalbda ming chandon

Mehrim, bobom Navoiy.

 

Turk elini yak qalam,

Etmoq edi da’vosi.

Poyida jumla olam,

Nur taratar dahosi.

 

O‘zbek tilin ko‘klarga,

Ko‘targan jon fidoyi.

Burkab chiroy, ko‘klarga

So‘zdan bunyod saroyi.

 

Besh buyuk ne’mat – “Xamsa”

Bitmas – yitmas xazina.

Bahra olar har kimsa,

Toki zinama-zina.

 

Qancha shoh, qancha fotih,

O‘tdilar alam bilan.

Yengolmagan joyni tig‘

Oldingiz qalam bilan.

 

Zehnim chashmasi zilol,

Zavq bag‘ishlar mutolaa.

Avloddirmiz barkamol,

Sizga voris – sulola.

 

Besh asrlar naridan,

Boqasiz tiyrak, hazrat.

Siz buyuksiz baridan,

Tark etmas hamon hayrat.

 

Qalam ahlin sultoni,

Toj-u taxtim – Navoiy.

Ko‘k toqining cho‘lponi

So‘nmas baxtim – Navoiy.

 

Ravshan Isoqov,

60 yosh

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.