- Rukn: Sheʼrlar
- 1283 marta ko‘rilgan
Bahor
Barqut kiyib bezandi bog‘lar,
Sahrolar ko‘ksiga taqdi qizg‘aldoq.
Quyosh etagiga oq bulut bog‘lab,
O‘rik shoxlarida qovurdi bodroq.
Yellar olib qochdi qishning xobini,
Barglar chapak chalib uyg‘ondi shodon.
Butoqlarga qo‘nib, gul kitobini
Varaqlashga tushdi bulbul – g‘azalxon...
Bugun koinotda ezgu bir tashvish,
G‘uncha gul bo‘lay deb ko‘zin ochadi.
Musicha oldidan bir dona cho‘pni
Chumchuq uyasiga olib qochadi.
Haydalgan daladan bir xas ortmoqlab –
Chumoli yugurar – u ham tirik jon.
Shoshilib chopadi tabib irmoqlar
Yerning tomiriga quymoq uchun qon...
Ona tuproq esa kuz tashvishida,
Yuksak xirmonlarga yelkasi yuklik.
Uning sokingina tin olishida
Bordir onalarga xos bir buyuklik.
Erkin Vohidov,
Oʻzbekiston Qahramoni