- Rukn: Sheʼrlar
- 673 marta ko‘rilgan
Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 44-maktab o‘quvchilarining ijodiy ishlaridan naʼmunalar
Tahririyatimizga Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 44-maktabning ijodiy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha targ‘ibotchisi Ergashoy Sharopova bir guruh o‘quvchilarining she’rlarini jo‘natdilar. Ijod namunalarini birma-bir ko‘zdan kechirdik: bolalarga xos samimiy, ravon yozilgan. Vatanni ulug‘lash, tabiatga oshnolik, insoniy xislatlarni qadrlashga da’vat...
Agar bu o‘quvchilarda she’riyatga bo‘lgan tashnalik so‘nmasa, vaqti kelib ular haqiqiy ijodkor bo‘lib yetishadilar, deb umid qilamiz.
Vatan
Vatan desam ko‘z o‘ngimda
Yashnab turar bog‘lari.
Baland-baland qoyali,
Osmono‘par tog‘lari.
Vatan desam ko‘z o‘ngimda
Hilpiraydi bayrog‘i.
Ajdodlar-u avlodlarga
Aziz bo‘lgan tuprog‘i.
Vatan desam ko‘z o‘ngimda
Yam-yashil o‘tloqlari.
Ham bog‘i-yu mevalari,
Silkingan boshoqlari.
Shunday go‘zal Vatanda
Baxtdan shodon yashayman.
Munosib farzand bo‘lib,
Ishonchini oqlayman.
Muazzam ABDUMUTALIYEVA
***
Yulduz uchganda
Munchoq kabi yulduzlar,
Samoni yalt-yalt bezar.
Zavqim ortar termulib,
Go‘yo ertakdan so‘zlar.
Yulduz uchdi bir kuni,
Hayratga soldi meni.
Cheksizlikni yoritar,
Koinotning uchquni.
Eh, yulduzlar, yulduzlar,
Parvozdan neni ko‘zlar?
Yo‘qolmasin o‘rningiz,
Yulduzsiz samo bo‘zlar.
Farhodbek TURG‘UNPO‘LATOV
***
Kamtarlik
Manmanlikni havas qilmam –
Yo‘latmayman o‘zimga.
Kibr-u havo qalbni tilar,
Hushyor bo‘lgum so‘zimga.
Kamtarlik – eng go‘zal xislat,
Bo‘lay ochiq chehrali.
Kamtarlar bor yashnayverar
Ona zamin mehvari.
Elmurod SAYFUDDINOV
***
Anor
Hovlimizning chetiga,
Jajji ko‘chat o‘tqazdik.
Onam aytdilar: “uni,
Sug‘orib tur har kuni”.
Sekin-asta bo‘y cho‘zib,
Daraxtim katta bo‘ldi.
Qaradim mehr bilan,
Kuch-u quvvatga to‘ldi.
Kunlar ketidan oylar,
Undan-da o‘tdi yillar.
Shoxlarida ko‘rindi,
Juda chiroyli gullar.
Kuzga borib daraxtda,
Anorlar rosa pishdi.
Yorilib, donachalar
Go‘yo rahmat aytishdi.
Dilshoda Oybekova